Eng ulug‘ va eng aziz bayram!

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi bayrami Samarqand viloyat sudida keng miqyosda nishonlandi. Tadbirga sud tizimida fidokorona mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surayotgan ustozlar ham taklif qilindi.
Viloyat sudi raisi O. Hayitov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, barchani eng ulug‘ va eng aziz bayram qutladi. Mustaqillik ne’matining mohiyati, xalqimiz erishgan yutuqlar, sud-huquq islohotlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir xushxabar bilan boshlandi. Sud tizimida ko‘p yillar mehnat qilib, mehnatlarining rohatini farzandu nabiralar ardog‘ida, shogirdlar e’zozida, el-yurt hurmatida ko‘rayotgan Omonqul Mamatqulovga O‘zbekiston sud tizimi faxriylar markazining “O‘zbekiston sud faxriysi” guvohnomasiga loyiq ko‘rilgan edi.
Viloyat sudi raisi O. Hayitov ustozni yuksak e’tirof bilan tabrikladi. O. Mamatqulovning sharafli mehnat faoliyati haqida so‘z yuritib, bugungi kunda ham shogirdlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib katta ko‘mak berayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, O. Mamatqulovga “O‘zbekiston sud faxriysi” guvohnomasi, shuningdek viloyat suvdi sovg‘asi sifatida kitoblar jamlanmasi va gullar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, barcha faxriylarga viloyat sudining sovg‘asi sifatida kitoblar jamlanmalari taqdim etildi.
Bayram tadbirida bir guruh sudya va sud xodimlari mas’uliyatli va samarali mehnatlari, kasbga sadoqati va fidoiyligi uchun Samarqand viloyat sudining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Tadbir tabriklar, iliq firk-mulohazalarga boy bo‘ldi.