Yer sotgan fermerga jinoyat ishi ochildi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer va suv resurslaridan samarali foydalanishda qonunchilik ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand tumani bo‘limi tomonidan Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazildi.

Inspeksiya Samarqand viloyati boshqarmasining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida, tumanning “Islomov Ismat uzumzorlari” fermer xo‘jaligi rahbari K.M. 2017-2020 yillar davomida fermer xo‘jaligi yer maydonidan mulkiy manfaatdorlik evaziga fuqarolarga noqonuniy ravishda yer ajratib berganligi aniqlangan.

Xususan, fermer xo‘jaligi rahbari “Guliston agrotexservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari D.N bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, fermer xo‘jaligi hisobidagi yer maydonining 333-konturidan Bo‘zi mahallasida yashovchi fuqaro Sh.B.ga 0,012 ga yer maydonini 10 ming AQSh dollariga, X.F.ga 0,06 gektar maydonni 6 ming AQSh dollariga, G.U.ga 0,012 gektarni 11 ming AQSh dollariga hamda Ye.Yu.ga 0,012 gektarni 8 ming AQSh dollari evaziga sotib, davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan, Samarqand viloyat prokuroturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.