Erdo‘g‘an Turkiyaning yangi konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqish haqidagi rejalarini e’lon qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an dushanba kuni mamlakat telekanallaridan biri (TRT) efirida o‘z ma’muriyatining asosiy vazifalaridan biri respublikaning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish ekanligini ta’kidladi.

"Asosiy vazifalardan biri yangi konstitutsiya bo‘lib qolmoqda. Biz partiyamiz ittifoqi doirasida (bu boradagi ishlarni) baholaymiz, zarur ishlarni amalga oshiramiz. Partiyalar o‘rtasida ham muloqotlar bo‘ladi, konsensus izlanadi. Ularning bu borada takliflari bo‘ladigan bo‘lsa, tahlil qilamiz”, degan u.

Mamlakatning amaldagi konstitutsiyasi 1982 yilda qabul qilingan. Shu davr ichida konstitutsiyaga bir qator jiddiy o‘zgarishlar ham kiritilgan.

Turkiya yetakchisi agar o‘zi 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozonsa, mamlakat “butunlay o‘zgaradi” va “kelajakka boshqacha nazar tashlanadi”, degan.

Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an 14 may kuni mamlakatda o‘tkazilgan prezidentlik saylovining birinchi bosqichida 49,5 foiz ovoz bilan asosiy raqibi Kilichdarog‘lu (44,89 foiz)ni ortda qoldirgan va g‘olib 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi bosqich saylovlarda aniqlanadi.