Erkaklar ham himoya orderi so‘rayapti

Kattaqo‘rg‘onlik Mashhura (ism o‘zgartirilgan) keyingi to‘rt oyni oila davrasida emas, moslashtirish markazida o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Bir necha yildan beri oilasida turmush o‘rtog‘ining haqoratlari-yu, tahqirlashlariga, mushtlashlariga dosh berib kelgan ayol farzandlari ulg‘ayib borayotgan payti endi sabr qilish ziyon ekanini anglab yetdi. Farzandlari uchun bu janjallar qanchalik og‘riqli ekanini his qila boshladi. Tuman hokimligi, homiylar tomonidan ayolga yordam berildi. Turmush o‘rtog‘i davolanishga yo‘naltirildi, uylari ta’mirlandi, o‘zi ishli bo‘ldi.

- Farzandlarimning otasi bo‘lgani uchun yarashdim, to‘rt oylik muddat meni shunday xulosaga kelishga undadi, - deydi Mashhura. – O‘zimga, hayotimga nisbatan qarashim o‘zgardi, ishonchim ortdi.

Samarqandda «Zo‘ravonliksiz 16 kun aksiyasi yakuni sifatida o‘tkazilgan tadbirda viloyatda bu borada olib borilgan ishlar mutasaddilar ishtirokida tahlil etildi.

- Garchi himoya orderi berilayotgan ayollar soni oydan-oy oshayotgan bo‘lsa-da, bu zo‘ravonlikni yashirishni istamayotganlar soni ortayotganidan dalolat beradi, - deydi «Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi» viloyat hududiy bo‘limi rahbari Mohira Azimova. – Misol uchun, shu yilning o‘zida 400 nafardan ortiq xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan bo‘lsa, oldingi yillar bu raqam 100 ga yaqinni tashkil qilgandi.

Anjumanda ichki ishlar, sud idoralari, vakillari ham so‘zga chiqib, oilalardagi notinchliklar, ularning sabablari xususida fikr bildirdilar. Oiladagi notinchliklardan erkaklar ham himoya orderi so‘rab murojaat qilayotgan holatlar ko‘payayotgani aytib o‘tildi. Bu bo‘yicha takliflar berilib, ularning himoyasi yuzasidan ham ish ko‘rilishi xususida xulosalar aytib o‘tildi.