Erkin A’zam: Tagiga chizilgan fikrlar

Bugun, 10 avgust O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam tavallud topgan kun.

Erkin A’zam 1950 yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tavallud topgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. O‘zbekiston radiosida, «Guliston» jurnalida muharrir, adabiy kotib, «Yoshlik» jurnalida bo‘lim mudiri, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida tahririyat mudiri bo‘lib ishlagan. 1994 yildan buyon «Tafakkur» jurnali bosh muharriri.

Uning «Chiroqlar o‘chmagan kecha», «Otoyining tug‘ilgan yili», «Olam yam-yashil», «Javob», «Bayramdan boshqa kunlar», «Pakananing oshiq ko‘ngli», «Kechikayotgan odam», «Jannat o‘zi qaydadir», «Shovqin» kabi qissa va hikoyalari kitobxonlarga tanish.

***

Dastlabki tanishuvdayoq suhbatdoshimning yuziga «ko‘zgu» tutaman – marhamat qilib, asl basharasini ko‘rsin! Shu odatim tufayli necha bor kallam g‘urra bo‘ldi, necha-necha martalab pandu pushaymon yedim. «Bugundan boshlab – tamom, endi aslo bunday qilmayman!» deya ont ichaverib, qasam men uchun suvga aylandi. To‘g‘ri gap tuqqaningizga ham yoqmaydi, ammo ilojim yo‘q: rostini aytmasam – ichimda yana bir odam paydo bo‘lib, men bilan bahslashadi, meni go‘r azobiga soladi; aytmasam – talay vaqt o‘zimga kelolmay, dunyodagi eng pachoq, ojiz kimsadek xo‘rlanaman; aytmasam – bir necha kun tanimda tipratikan o‘rmalagandek behuzur yuraman.

 ***

Maktabda direktorimizning yasan-tusandan boshqasiga no‘noqroq qiziga oshirib baho qo‘yganlarida darsdan chiqib ketgim kelardi. Endi esa – mutlaqo iqtidorsiz, lekin o‘ziga behad bino qo‘ygan mahmadona kursdoshim Bo‘stonning, husniga ishonibmi, bir kun shoira bo‘lib qolsam ajab emas, degan nochor ilinj bilan erinmay qalam tebratishi ensamni qotiradi; hech qachon imtihonga kirmasa-da, hamisha a’lochilar ro‘yxatida yuradigan chalamulla Maratning mansabdor otasi soyasida bezbetlarcha gerdayishi g‘azabimni keltiradi; domlalar ortidan nomatlub joylarga ham sharpadek ergashib borishdan toymaydigan Javliboy Meliboyevning xushomadgo‘yligi nafratimni qo‘zg‘aydi…

 ***

Madhiddinni hamma maqtaydi, hamma yaxshi ko‘radi. Bilaman, uni bugun universitetda maqtaydilar, ertaga ishxonasida, jamoat o‘rtasida maqtaydilar. U esa – qayerda, kimga, qaysi sharoitda bo‘lmasin – hamisha qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha: «Rahmat, rahmat», deb yo iljayib, yo ishshayib, yo tirjayib turaveradi; hatto tushida ranjitgan odamidan ham ertasi kelib astoydil uzr so‘raydi.

 ***

Madhiddinning nimasidir talabalar orasida «Savlatonov» deb nomi ketgan domla Ziyoxon Ahmadxonovni eslatadi. Bilaman, o‘qishni bitirgach, u avval albatta kichik ilmiy xodim bo‘ladi, keyin – albatta katta ilmiy xodim! Avval amal-taqal qilib yuz-yuz ellik qog‘ozni qoralaydi-da, fan kandidati unvoniga erishadi, keyin o‘shanga yana ikki yuz bet (insofiga qarab!) qo‘shsa, kifoya – fan doktori! Bir kun u qo‘qqisdan ko‘zoynak taqib chiqadi – «Ilmdan!» deydilar; mansabu shon-shuhrat ko‘yida ovsardek parishonxotir bo‘lib qoladi – «Ilmdan!», deydilar. «Domla, domla», deb ulug‘lay boshlaydilar. Qo‘lingizdan nima keladi – ko‘zidan ko‘zoynakni ololmasangiz, boshiga qaytadan soch o‘stirolmasangiz… Mana, domla Ziyoxon Ahmadxonovlar qanday paydo bo‘ladi!

***

Tashqarida – gurkiragan hayot, ichkarida – yosh-yosh, tepakal, bir yuz nechanchi moddanimi, bir ming nechanchi yulduznimi, xudo bergan bedavo dardga shifomi topish ilinjida umrini goh besamar, goh basamar o‘tkazayotgan aksar fidoyilar, aksari unvonparastu chalamullalar davrasi…

***

Basharti kursdoshlarni tanlash huquqi berilganda, men Bo‘ston bilan o‘qishdan qat’iyan bosh tortgan bo‘lardim. U bilan birga o‘qiyotganimni o‘ylab, doim uyalib yuraman, kelajakda ham esimga tushsa, o‘zimni kechirmasam, nomus qilsam kerak. Qachon qaramang, televizordagi «Qizlar davrasi»da ishshayib turadi.

Gohida, konfet shimib yozgan she’rlarini o‘qib bersa, goho hech narsa qilmaydi – shunchaki, o‘zini ko‘rsatish uchun chiqadi. Bilaman, ertaga bir kun mening omadim yurishmayroq qolganini eshitsa, u albatta: «Ha, umi, boshdan ham ahmoq edi», deydi eslagisi ham kelmay, burnini jiyirib. Bordi-yu xudo yorlaqab tuzukroq odam bo‘lib ketsam, u: «Birga o‘qiganmiz, boshdan ham zo‘r edi», deyishi turgan gap.

Bekzod O‘ktam tayyorladi.