Erkinjon Turdimov: Murojaat hal etilishi shart. Boshqa yo‘li yo‘q

Viloyat hokimining bugun, 28 sentyabr kuni Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sayyor qabulida 300 ga yaqin murojaat qayd qilindi. Murojaatlarning aksariyati gaz, elektr ta’minoti, yo‘l, ichimlik suvi va boshqa masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi.

Viloyat hokimi har bir muammoni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

- Hal etilmaydigan muammoning o‘zi yo‘q, - dedi E.Turdimov. – Agar imkoniyati yo‘q yoki qonunga zid murojaat bo‘lsa, bunga shaxsan o‘zim rad javob beryapman.

Qayd etilishicha, haftaning har payshanba kuni viloyat hokimligida sayyor qabullarda tushgan murojaatlar ijrosi muhokama qilib boriladi. Mas’uliyatsiz, topshiriq ijrosini paysalga solayotgan rahbarlarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi.

Darhaqiqat, murojaatlarda ko‘tarilayotgan aksariyat masalalar katta mablag‘ va mehnat talab qilmaydi. Misol uchun, Urgut tumanining 15 foizi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Demak, aksariyat xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib beriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu borada 14 ta “ISUZU” rusumli avtomashinalar xizmat qilmoqda.

- Tizim bilan bog‘liq 8 ta murojaat bo‘ldi, - deydi “Hududgaz” Samarqand filiali boshlig‘ining 1-o‘rinbosari Olim Isaqulov. – Shundan 1 tasi tabiiy gaz bosimining pastligi bo‘yicha. Suyultirilgan gaz masalasidagi murojaatlarning ham yechimi bor.