Erkinjon Turdimov: Xalqimizga xizmat qilish – yuksak sharaf, mas’uliyatli burch
Dunyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonimiz uchun ko‘plab tarixiy voqealarga boy bo‘lgan 2022 yil yakuniga yetmoqda. Albatta, bunday paytda yil sarhisob qilinadi, kelgusi yil uchun rejalar tuziladi.
20 dekabr kuni davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida yil yakunlariga qisqacha baho berilgan holda mamlakatimizning 2023 yildagi siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilib, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar asosida amalga oshiriladigan ishlarga e’tibor qaratildi. Bu vazifalar albatta, yil dasturida batafsil, manzilli aks etadi.
Prezidentimiz qayd etgan ma’muriy islohotlar boshlandi. Ushbu maqsadda qabul qilingan farmon va qaror bilan boshqaruvni ixchamlashtirishga kirishildi. Ayni paytda bu jarayon respublika, viloyat va tuman, shahar darajasida davom etmoqda. Yangi yildan bu tizim o‘zini ko‘rsata boshlaydi. Bu haqda hali yana fikr yuritamiz, jarayondan xalqimizni xabardor etib boramiz.
2022 yilning Samarqand viloyati va xalqi hayotida qoldirgan izi, muhim yangilik va o‘zgarishlar haqida gapirganda, albatta, birinchi navbatda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Samarqand xalqaro turistik markazining faoliyat boshlashi hamda bu yerda qisqa vaqt ichida bir nechta yirik xalqaro forumlar o‘tkazilganini alohida qayd etishni istardim.
Nafaqat Samarqand, balki yurtimiz tarixida ilk bor 15 davlat yetakchilari ishtirokida Shanxay hamkorlik tashkilotining 22 sammiti o‘tkazildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi ham yuksak saviyada tashkil etildi.
Umuman, keyingi to‘rt oyda yangi xalqaro markaz o‘ndan ortiq xalqaro forum va anjumanlar maskaniga aylandi.
Ushbu tadbirlar arafasida Samarqand shahridagina emas, viloyatimizning boshqa tumanlarida ham keng ko‘lamdagi qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildiki, bu haqda yil davomida juda ko‘p gapirildi, yozildi. Bunga xalqimiz nainki guvoh, balki ushbu jarayonlarning faol ishtirokchisi bo‘ldi, o‘zgarishlarni o‘z hayotida his qildi.
Samarqandning maqom va nufuzi ortib borayotgani, yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanayotgani inobatga olinib, Murojaatnomada davlatimiz rahbari shaharga respublika darajasidagi alohida ma’muriy-hududiy birlik maqomini berishni taklif etgani ham bejiz emas. Bu ham Samarqand va samarqandliklar hayotida yangi sahifa ochishi tabiiy.
Albatta, bunyodkorlik ishlari, shahar va qishloqlarimizning obod bo‘lishi, odamlar hayotining farovonligi iqtisodiy imkoniyatlar bilan bog‘liq. Shu bois viloyat iqtisodiy salohiyatini oshirish doimo diqqat-e’tiborimizda, kundalik faoliyatimizning asosini tashkil etadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’ati 105,6 foizga (62,4 trillion so‘m), sanoat mahsulotlari 107 foizga (25,8 trillion so‘m), hududiy sanoat 106,9 foizga (14,8 trillion so‘m), qishloq xo‘jaligi 103,5 foizga (42,6 trillion so‘m), qurilish ishlari 108,5 foizga (8,2 trillion so‘m), jami xizmatlar 114,2 foizga (23,1 trillion so‘m) yetishi kutilmoqda. Bunga yetarlicha asosimiz va hisob-kitoblarimiz bor.
Ayni paytda viloyatimizda 9351 ta, shundan 57 ta yirik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan 11 oyda 25,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Yil avvalida 442,4 million dollarlik sanoat mahsulotlari va 134 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish rejasi belgilangandi.
Bugun yil yakunidagi hisob-kitoblarimiz 586,1 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilganini ko‘rsatmoqda. Bu yil 175 ta korxona ilk bor eksportga jalb qilindi va ular tomonidan 41,5 million dollarlik mahsulot sotishga erishildi. 20 turdagi yangi mahsulot birinchi marta eksportga chiqarilib, tovarlar nomenklaturasi organik-noorganik birikmalar, havoni sovutish uskunalari va shirinliklar hisobiga oshdi.
Eksport geografiyasi 9 davlatga kengayib, hozirda 53 davlatni tashkil qilmoqda.
Bu raqamlar davlatimizning eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlari natijasi, desak xato bo‘lmaydi. Yil davomida 200 dan ziyod eksportchi korxonaga 48,1 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatildi.
Iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirishda mahalliy va xorijiy investitsiyalarning o‘rni juda katta. Buni hammamiz yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari Murojaatnomada ushbu sohadagi ishlarni rivojlantirish maqsadida iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilashni alohida yo‘nalish sifatida qayd etib, muhim vazifalarni belgilab berdi.
Biz bu yil 244,6 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirishni o‘z oldimizga maqsad qilgandik. Amalga oshirilgan ishlar va tadbirkorlarimizning faol harakatlari bilan bu ko‘rsatkichni 260,8 million dollarga yetkazishni mo‘ljallayapmiz.
Prezidentimizning topshiriqlari bilan bu yil aholi bandligini ta’minlash sohasida oldimizga juda katta vazifa, ya’ni 635,1 ming aholi bandligini ta’minlash maqsadi qo‘yilgan edi. Puxta ishlab chiqilgan dastur va uni amalga oshirish mexanizmlarining ishlashi, respublikadan ko‘rsatilgan amaliy yordam tufayli yil davomida barcha yo‘nalishlarda 640,1 ming aholi bandligini ta’minlashga erishildi.
Jumladan, tadbirkorlik, savdo va servis sohasida 283,6 mingta, hududiy investitsiya dasturlari doirasida 18,9 mingta, qishloq xo‘jaligi sohasida 306,6 mingta (shundan 36,6 mingtasi paxta va g‘alladan qisqartirilgan yer maydonlarini aholiga ijaraga berish hisobiga) ish o‘rinlari yaratildi. O‘zini-o‘zi band qilganlar 167,2 ming nafarni (dehqon xo‘jaliklari bilan) tashkil etdi.
Hududiy dasturlar doirasida 280,9 million dollarlik 239 ta loyiha ishga tushirilib, 6220 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Erishilgan natijalar shu yilning marrasi. Kelgusi yil uchun marralarni yana ham baland qo‘yamiz. Bunga viloyatimizning salohiyati ham, imkoniyati ham yetadi. Muhimi, xalqimiz bizdan hayoti yanada farovon bo‘lishi uchun yangiliklarni, o‘zgarishlarni kutyapti. Qolaversa, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar kelgusi yilda ham izchil davom etishi, insonga e’tibor yanada oshishi belgilandi. Bu yo‘lda xalqimizga xizmat qilish biz uchun yuksak sharaf va mas’uliyatli burchdir.
Fursatdan foydalanib, barcha samarqandliklarni va viloyatimiz mehmonlarini Yangi yil bilan tabriklayman! 2023 yil barchamiz uchun fayz-barakali, omadli yil bo‘lsin!