Eronlik investorlar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Eron Islom Respublikasining turar joy va binolar qurilishiga ixtisoslashgan "Anbuhsozon kasaba uyushmasi” rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 Konstruktiv muloqot davomida tomonlar qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildi. Adiz Boboyev Samarqand viloyati aholisi sonining jadal o‘sayotgani va buning natijasida zamonaviy uy-joylarga talab ortib borayotganiga alohida to‘xtaldi.

Viloyatda 2024 yilda 11 ming 300 ta xonadon foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 2025 yilda 12 ming 500 ta turar-joy qurilishi rejalashtirilganini, bu borada viloyatda yuqori sifatli qurilish materiallariga ehtiyoj katta bo‘lib, bugungi kunda uning salmoqli qismi xorijdan keltirilayotganini ta’kidladi. Viloyat rahbari bu borada Eron kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirib, viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Bundan tashqari, Adiz Boboyev Samarqand shahrida Shirin shaharchasini barpo etish bo‘yicha istiqbolli loyiha haqida ma’lumot berib, eronlik tadbirkorlarni uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif qildi. Mazkur loyihaga qurilishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish qulay shahar muhitini yaratish uchun keng imkoniyatlar ochib berishi alohida ta’kidlandi.

 "Anbuhsozon kasaba uyushmasi" raisi Iraj Rahbar o‘z navbatida Eron delegatsiyasi tarkibida katta tajriba va moliyaviy resurslarga ega yirik qurilish kompaniyalari borligini ta’kidladi. U Samarqand viloyati iqtisodiyotiga faol sarmoya kiritishga tayyorligini bildirib, har ikki tomon delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari yakunlariga ko‘ra “aqlli” Shirin shaharchasi qurilishida ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini alohida ta’kidladi.

Viloyat rahbari eronlik investorlarni biznes yuritish va sarmoyalarni jalb etib, istiqbolli loyihalarni hayotga tadbiq etishlari uchun qonun doirasida ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.