Ertangi kunga ishonch bugundan boshlanadi
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan seminarda tuman va shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari, oliy o‘quv yurtlarining rahbarlari va yetakchi olimlari, kollejlar direktorlari ishtirok etdi.
Anjumanni viloyat hokimi T.Jo‘rayev kirish so‘zi bilan ochdi.
Ta’kidlandiki, viloyat ahli Yurtboshimizning ushbu Murojaatnomasini mamlakatdagi demokratlashtirishning yangi bosqichi sifatida e’tirof etmoqda. Shu bois joylardagi takliflar umumlashtirilib, Murojaatnomadagi g‘oya va topshiriqlardan kelib chiqib, beshta yo‘nalishda 95 banddan iborat "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi.
– Prezidentimizning davlat siyosatini xalq manfaati asosida ishlab chiqishi, davlat xizmatlarini xalqqa yaqinlashtirish siyosati fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishga, davlat, Vatan, qolaversa, o‘z taqdiri uchun mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda, – dedi viloyat hokimi. – Ushbu Murojaatnomani puxta o‘rganish, undagi g‘oyalarni anglab yetish ana shu mas’uliyatni o‘n, yuz karra oshiradi.
Seminar ishtirokchilari Samarqand davlat universiteti olimlari – professorlar Farhod Nabiyev, Bahodir To‘rayev, dotsentlar Davlat Qurbonov, Nurali Arabov, Rahmatulla Mirzayevning Murojaatnomadagi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruza-sharhlarini tingladi.
Shuningdek, Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari hokimlari F.Rahimov, A.Bahromov, F.Zoyirov, "Nuroniy" jamg‘armasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari raislari O‘.Normurodov, F.Toshev ham Murojaatnoma asosida belgilangan loyihalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha fikr bildirdilar.
Anjuman ruhi yurtdoshlarimizda dunyoda, mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni bilishga, o‘z huquqiy saviyasini oshirishga ishtiyoq kuchli ekanini ko‘rsatdi. Shu sababli viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari rahbarligida targ‘ibot guruhlari tuzildi. Bu guruhlarga yetakchi olimlar qatorida "Nuroniy" jamg‘armasi, "Mahalla" fondi, yoshlar ittifoqi faollari, ma’naviyatchilar, hokimliklar vakillari jalb etildi.
Targ‘ibot guruhlari 15 yanvarga qadar viloyatdagi har bir mahallada bo‘lib, Murojaatnoma ahamiyati yuzasidan aholi bilan suhbatlashadi, 2018 yilda belgilangan dasturlar mazmuni bo‘yicha tushuntirishlar beradi. Shu asnoda hayotimizni yanada yaxshilash yuzasidan odamlar fikri, taklifi ham o‘rganiladi.
O‘okimlikning tegishli kotibiyatlariga targ‘ibot guruhi a’zolarini tegishli tahliliy materiallar bilan ta’minlash vazifasi topshirildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari o‘z yo‘nalishlaridagi idora, tashkilot xodimlari o‘rtasida Murojaatnoma bo‘yicha ochiq muloqotlar uyushtirishadi.
Viloyat hokimligining veb-saytida targ‘ibot guruhlari faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus rukn ochildi. Viloyat Matbuot uyida yetakchi jurnalistlardan iborat shtab esa OAVda Murojaatnoma yuzasidan bildirilgan fikrlarni o‘rganib, umumlashtirib boradi.
Samarqand shahridagi Konsert zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Oliy Majlisiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik orasida targ‘ib etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari B.Allayev, A.Muxtorov va boshqalar O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha O‘arakatlar strategiyasi asosida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirilgan ishlar, muammolar yechimi bo‘yicha erishilgan natijalarga to‘xtaldilar.
– Murojaatnomada davlatimiz rahbarining ilmli va ma’naviy salohiyati yuksak, ma’rifatli shaxslar safini kengaytirish borasidagi takliflari ziyoliman degan barcha yurtdoshlarimizni to‘lqinlantirdi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori B.Allayev. – Birgina, joriy yilning Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilinishi pedagoglar zimmasiga innovatsion faoliyatni rivojlantirish, bunda iqtidorli yoshlar ishtirokini, ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasini yukladi.
Bundan tashqari, Murojaatnomada davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni, ijtimoiy sohani rivojlantirish hamda xavfsizlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni yuksaltirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
– Mamlakatimiz tarixida ilk bor kuzatilgan bu Murojaatnoma ijtimoiy-iqtisodiy hayotda shu davrgacha mavjud bo‘lgan muammolarga yechim topish imkoniyatini yaratdi, – deydi Nurobod tumanidagi 6-umumta’lim maktabi direktori F.Xudoyqulov. – Shu paytgacha tumanimizdan Samarqand shahrigacha bo‘lgan salkam yuz kilometr masofani bosib o‘tishda ikkita yo‘l harakati xavfsizligi nazorat postlaridan o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Bugun esa bu postlar olib tashlandi. Bugungi yig‘ilishda xalqimizga erkinlik berayotgan shu kabi o‘nlab misollar tilga olindi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar Kattaqo‘rg‘on shahrida ham o‘tkazildi.
Shahardagi 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi hamda 2-umumta’lim maktabidagi uchrashuvlarga o‘qituvchi-murabbiylar, mahalla faollari taklif etildi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand qishloq xo‘jalik instituti olimlari N.Rahimov, M.Qulmatov, I.Salomov, F.Jonibekov, I.Allayev, A.Xudoyberdiyev Murojaatnomada belgilangan har bir maqsad va vazifalarga e’tibor qaratdilar.
– Shavkat Mirziyoyevning parlamentga Murojaatnomasini televideniye orqali diqqat bilan eshitdim, – deydi Navbahor mahallasi faoli O‘roltosh Kattaqo‘lova. – U kishining tashabbusi bilan shahar va qishloqlarimizda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar barpo etilayotgani, nogironlar, kam ta’minlangan hamda ehtiyojmand oilalarga har jihatdan ko‘mak berilayotgani, hududlar aholisi uchun qulay bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish ishlariga qo‘l urilayotgani insonparvarlikning yaqqol namunasidir. Bugun yana bir yangilik eshitdim, ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pensionerlarning pensiyasi to‘liq beriladigan bo‘libdi. Prezidentimiz qo‘shni respublikalar bilan olib borayotgan do‘stona siyosati, amalga oshirayotgan savobli ishlari uchun o‘z mamlakati va mintaqasidagi vaziyatlar o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jahonning o‘n nafar yetakchilari ro‘yxatiga kiritilibdi. Bunday xushxabarlar, albatta, xalqimizni yangi tashabbuslar, zafarlar sari ilhomlantirish barobarida, yoshlarni shu el, shu Vatandan g‘ururlanib yashash, mehnat qilishga da’vat etadi.
Azim QODIROV.