Yerto‘ladagi chaqaloq ovozi. Samarqanddagi «Baxtli hayot»ning baxtsiz bolalari

Bugun, 25 may kuni tahririyatga Samarqand shahar «Baxtli hayot» mahallasida joylashgan 1-ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolar murojaat qilishdi, deb yozmoqda Kun.uz. Uyning birinchi qavatida yashovchi Malika Kamolova quyidagi holatni so‘zlab berdi:

«Kecha, 24 may kuni uyga kirayotib yerto‘ladan kelayotgan chaqaloq ovozini eshitib qoldim. Tushib ko‘rsam, qo‘shnim u yerda Dilorom Rizaqulova va uning ikki nafar farzandlari. Surishtirib bildimki, ular bir necha kundan buyon yerto‘lada yashab yurgan ekan.

O‘zi ham, farzandlari ham nogiron bo‘lgan bu ayolga davlat tomonidan imtiyozli uy berilgan edi. Turmush o‘rtog‘i va qaynonasi uni uydan haydab yuborishgan ekan».

M.Kamolovaning hikoyasi tugar tugamas, xuddi shu mahallada yashovchi yana bir fuqaro Shahboz Halimov kirib keldi: «Iltimos, yordam bermasak bo‘lmaydi. Bir nogiron ayolni yosh bolalari bilan ko‘chada qoldirishgan, pod’yezdda yashab yuribdi».

Dilorom Rizaqulovaning aytishicha, eri uydagi janjallar sabab xotinini haydab chiqargan va hokimiyat nogiron oila uchun bergan uyni hokimiyatga qaytarib bergan. Rizaqulova viloyat hokimi Erkin Turdimov imtiyozli uyning boshlang‘ich to‘lovi uchun 10 million so‘m oilaga berganini minnatdorlik bilan aytdi. Lekin ma’lum bo‘lishicha, uning eri ko‘zi ojizligi uchun 1-guruh nogironi hisoblangan Parviz Xayriyev pulni olib ketgan.

Rizaqulova ikki nafar bolasi bilan (ulardan biri nogiron) qo‘shnisi Malika Kamolovaning uyida yashab yuribdi. «Osh-ovqatim ham qo‘shnilarim hisobida bo‘lib qoldi. Isitmalab yotgan bolalarimni singlimnikiga tashlab keldim. Urush-janjallar sabab bolalarning ahvoli yomonlashdi»,- deydi Rizaqulova. Ayolning qo‘shnilari uning davolanishiga, bolalarining ham davolanishiga yordam berishlarini aytishmoqda.

Mahalladagi odamlarning qo‘shnilariga nisbatan befarq bo‘lmagani quvonarli holat. Ko‘chada qolgan ayollarning qo‘shnilari bu ayolga yordam berish uchun tegishli idoralarga murojaat qilishganini aytishdi. Bir narsa odamni o‘ylantiradi: erkak uyni qaytarib bermoqchi ekan nega uyni qaytib oladiganlar bu oiladagi ahvol bilan qiziqishmagan? Uy oilaning erkagiga kerak bo‘lmasa, uni ikki nafar nogiron bolasi bilan ko‘chada qolgan ayolning nomiga o‘tkazib berishning imkoni yo‘qmidi? Xullas tushunursiz holatlar.

Mutasaddilar holatni o‘rganib chiqishni va’da bermoqda. Umid qilamiz, yerto‘lada yashashga majbur bo‘lgan nogiron ayol va uning nogiron bolalariga yordam beriladi...

O‘tkir Jalolxonov.