Yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga o‘quv qurollari, nogironlik aravachalari yetkazib berildi
Viloyat prokuraturasi, viloyat xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamkorligida uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan 1668 nafar bolaning sog‘lig‘i, ta’lim olishi va ular tarbiyalanayotgan oilalarning ijtimoiy holati o‘rganildi. Ularni qiynayotgan muammoli masalalarga quloq tutilib, barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
O‘rganish natijasida tibbiyot sohasiga oid 330 ta, ta’lim sohasiga oid 233 ta, boshqa yo‘nalishlarga doir 136 ta muammolar aniqlandi. Jumladan, 51 nafar bolaning nogironlik aravachasiga, 5 nafarining eshitish moslamasi, 20 nafarining hassa va qo‘ltiq tayoqqa ehtiyoji borligi aniqlanib, ularga ushbu zarur jihozlar olib berildi.
Homiylar va byudjet mablag‘lari hisobidan 105 nafar bola dori-darmon bilan ta’minlandi. 138 nafar bola davolash bo‘yicha tibbiyot muassasalariga biriktirildi.
Bundan tashqari, 9 nafar uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchiga 20 turdagi darslik, 21 nafariga doska, 16 nafariga parta, 7 nafariga o‘quv stuli, 54 nafariga turli o‘quv qurollari yetkazib berildi. Kitobxonlikka qiziquvchi 102 nafar bola badiiy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Homiylar tomonidan 1 nafar o‘quvchiga qo‘l telefoni olib berildi. Shuningdek, 23 ta yakka tartibda o‘qitilayotgan o‘quvchilarga ta’lim berish jarayonida foydalanish uchun noutbuklar sovg‘a qilindi.
Qo‘shrabot, Ishtixon va Payariq tumanlarida masofaviy ta’lim olayotgan 300 nafar kam ta’minlangan oila farzandlariga bir oylik internet pullari to‘lab berildi.
Joriy yilning 14 may kuni uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida aniqlangan ehtiyojlarga muvofiq, zarur jihozlar va tegishli dori vositalari o‘z egalariga yetkazildi.
- 2-sinf o‘quvchisi Afsona Safarovaning uyiga borib dars beraman, - deydi Samarqand shahridagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Madina Mahmudova. – Unga bugun parta, yozuv doskasi olib kelib berishdi. O‘quvchimning quvonchini ko‘rib, o‘zim ham ta’sirlandim. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga berilayotgan bunday e’tibor bardavom bo‘lishini istayman. Ularning ham zamonaviy shart-sharoitlarda ta’lim olishga haqi bor.
Prokuratura, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlari ishtirokida amalga oshirilgan o‘rganish ishlari davomida uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga yetarli darajada ta’lim-tarbiya berilmayotgani, o‘qituvchilarning mas’uliyatsizligi, ularning salomatligi bo‘yicha o‘z vaqtida alohida nazorat olib borilmaganligi holatlari ham aniqlandi. Ushbu muammolarni ijobiy hal etish, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va tuman (shahar) XTBlariga 19 ta taqdimnoma kiritilib, 23 nafar shaxs qat’iy ogohlantirildi. 154 nafar mas’ul shaxslarga intizomiy va 9 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.