Eshakni “Spark”ga bog‘lab shahar "aylantirgan" shaxs qo‘lga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda haydovchi eshakni “Spark”ga  bog‘lab, jonivorni azoblab sudrab ketayotgani haqidagi video tarqaldi.

Ushbu holatni yon-atrofda transport vositasini boshqarib kelayotgan haydovchilar ko‘rib qolgan va suratga olgan. Voqeaga guvoh bo‘lganlardan biri telefon kamerasiga tasvirga olingan videoni ijtimoiy tarmoqqa joyladi.

Tarmoq kuzatuvchisi bo‘lgan ayol bu videoni “Mehr va oqibat” jonivorlarni himoya qilish jamiyati nodavlat tashkilotiga yubordi.

NNT esa bu ayanchli holat bo‘yicha surishtiruv olib borishni so‘rab, Toshkent shahar IIBBga murojaat qildi. Shu tariqa IIBB xodimlari ham bu zo‘ravonlik holatiga e’tibor qaratishdi.

Jonivorlarga nisbatan johillik bilan munosabatda bo‘lish holatlarida aybdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Qolaversa, amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”da ham bunga nisbatan muayyan javobgarlik belgilangan.

Hozirda jonivorga azob bergan haydovchining shaxsi aniqlangan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.