E’tiborga muhtoj yoshlarga mehr ulashildi

Yoshlar haftaligi doirasida Samarqand shahridagi kasb-hunar maktabida “Mehr-e’tiborga muhtoj yoshlarga mehr ulashish – oliyjanob fazilat” deb nomlangan xayriya aksiyasi tashkil etildi.

Samarqand viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirga viloyatdagi kasb-hunar maktablarida ta’lim olayotgan 74 nafar nogironligi bo‘lgan, ota-onasiz o‘quvchilar, kam ta’minlangan va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlari taklif etildi.

Viloyat prokurori R.Masharipov, kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Nasimov yoshlarni Yangi yil bayrami bilan tabriklab hech bir yosh e’tibordan chetda qolmasligini ta’kidladi. Tashkilotchilar tomonidan o‘quvchi-yoshlarga issiq kiyim-bosh va bayram sovg‘alari topshirildi.

– Ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi, – deydi Samarqand shahridagi kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Farida Rahmatova. – Joriy yildan boshlab tikuvchilikni o‘rganish maqsadida kasb-hunar maktabida o‘qiyapman. Bu yerni tanlaganimdan xursandman. Maktabda tikuvchilik bilan birga ingliz tili, tadbirkorlik sirlarini ham o‘rganyapman. Kelgusida mohir tikuvchi bo‘lib, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ymoqchiman.