YeTTB Markaziy Osiyodagi birinchi qayta tiklanadigan vodorod loyihasini qo‘llab-quvvatlaydi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Markaziy Osiyoda birinchi qayta tiklanadigan vodorod loyihasini moliyalashtirishi haqida e’lon qildi.
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston hududida 20 megavattli elektrolizer va 52 megavattli shamol elektrostansiyasini barpo etiladi.
Qayd etilishicha, YeTTB "ACWA Power UKS Green H2" kompaniyasiga ushbu ob’yektlarni ishlab chiqish, loyihalashtirish va qurish uchun jami 65 million AQSh dollari qiymatida mablag‘ ajratadi.
O‘zbekiston tomonidan ushbu loyihaning asosiy ijrochisi etib "O‘zkimyosanoat" AJ belgilangan.
"Uglerodni eng ko‘p talab qiluvchi va karbonsizlashtirish qiyin bo‘lgan sanoat tarmoqlariga ega mintaqada YeTTB ilk bor bunaqa loyihani moliyalashtiryapti", dedi bankning Barqaror infratuzilma guruhi boshqaruvchi direktori Nandita Parshad.
Takidlanishicha, ushbu ob’yektlar ekspluatatsiyaga topshirilgandan so‘ng yiliga 3 ming tonnagacha qayta tiklanuvchi vodorodni ishlab chiqaradi hamda 22 ming tonnagacha CO2 chiqindilarini kamaytiradi.
Shtab-kvartirasi Londonda joylashgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991 yilda tashkil etilgan. O‘zbekiston to‘rt yil davomida YeTTB tomonidan eng ko‘p moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyodagi davlat bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda YeTTB respublika hududida 164 loyihani amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston iqtisodiyotiga salkam 5 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgan. Moliyaviy yordamning asosiy qismi xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA.