Yetti kunda 1189 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashmadi
Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar Samarqand shahridagi beshta katta yig‘imli binoda ikki navbatda (har bir navbatda 3060 nafardan) test sinovlaridan o‘tmoqda.
– 29 iyul - 4 avgust kunlari 42 ming 840 nafar abituriyent test topshirishi rejalashtirilgan edi, – deydi Davlat test markazi viloyat bo‘limi rahbari Nosir Eshonqulov. – Ammo ularning 1158 nafari imtihonlarda qatnashmadi. Shuningdek, 31 nafar abituriyent shpargalkadan foydalangani, belgilangan talablarni bajarmagani va birovning o‘rniga kirishga uringani uchun imtihondan chetlatildi.
Abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari test 2019.uz sayti orqali Samarqand shahridagi hamda respublikamizning barcha viloyatlaridagi test jarayonlarini onlayn kuzatib borishi mumkin. Buning uchun test 2019.uz ga kiriladi va viloyat belgilanib, kerakli bino tanlanadi.
Test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar imtihon topshirgan kunidan bir kun o‘tgach, o‘z ballarini Davlat test markazi sayti orqali bilib olmoqda.