Yetti o‘lchab bir kesmasang… Xalq maqoli bahonasida qarz oldi-berdisida adashayotganlar xususida
Inson borki, hamisha ko‘makka muhtoj bo‘ladi. Ayniqsa, daromadimni ko‘paytiraman, hayotimni yaxshilayman, degan odam tadbirkorlik qiladi. Tadbirkorlik, tabiiyki, mablag‘ talab qiladi. Ana shunday paytda har bir kishi yo bankdan yoki do‘st-yordan qarz olib turadi. Ishni bitirgach, kelishuvga muvofiq omonatni egasiga qaytaradi. Bu – hayotimizda tez-tez uchraydigan holat. Lekin…
Akbarjon (ism, shariflar va joy nomlari shartli) o‘ziga murojaat qilgan ikki kishiga qarz beradi, foizini ham kelishib olishadi. Bunday qarasangiz, hammasi risoladagiday, faqat...
O‘shanda ish ham yomon ketmagan. Qarz olgan ikki shaxs bir-biri bilan uncha yaqin tanish emas, tadbirkorlik tufayli muloqotda bo‘lishgan, xolos. Shunday bo‘lsa-da, ular avvalida ishni yo‘lga qo‘yib, qarzning muayyan qismini topshirgandek bo‘lishdi. Biroq ko‘p o‘tmay, omonat olganlardan birining bozori kasod bo‘ldi. Aniqrog‘i, hisob-kitobda adashib, pulsiz qoldi. Bunisi ham yetmagandek, boshqalar bilan oldi-berdida ham kamchiligi chiqdi. Natijada qarzlarni to‘lay olmasligi sababli undiruv mol-mulkiga qaratildi.
Aslida, bizga shikoyat qilgan kishining hangomalari shu paytdan boshlandi.
To‘g‘ri-da, qarz bergan odam omonatni foizi bilan qaytarishni so‘raydi. Qahramonimiz esa aybni sherigiga tashlaydi, omonatni qaytarmaslik yo‘llarini qidiradi. Qarz berganga farqi nima – «oldingmi, qaytar, sherigingning holati bilan ishim yo‘q, birgamisan, bir kemada edingmi, demak, to‘liq javobgarsan!».
Endi qahramonimiz turli idoralarga o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatishga harakat qildi. Sabab o‘sha-o‘sha – «Menga sherigim pand berdi, qarz bergan odam mendan noto‘g‘ri talab qilyapti!». Ayniqsa, o‘zining mulkiga ham qaror chiqarishganida u dod solishdan uyalmadi. Hali hokimiyatga, hali prokuraturaga, hali mahallaga yozaverdi. U endi “Mening arizalarimni o‘z vaqtida ko‘rishmayapti, menga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishyapti, ularga chora ko‘rishlaringizni so‘rayman» mazmunidagi arizalar yozishga tushdi.
To‘g‘ri, tuman mahallalar uyushmasi rahbarlarida ham mas’uliyatsizlik bo‘lgan. Shikoyatchining maktubiga «Biz fuqarolar o‘rtasidagi oldi-berdi masalasini ko‘rib chiqishga vakolatli emasmiz» degan mazmunda bir enlik xat yozishsa, olam guliston edi.
Xalqimizda «Mol achchig‘i – jon achchig‘i», degan naql bejiz aytilmagan. Qahramonimiz birovdan olgan omonatini qaytarmaslik uchun qo‘lidan kelgan ishlarni qilib ko‘rdi. Ammo qonun oldida baribir hech narsa qila olmadi. Hatto unga «Qarz olishda, sherik tanlashda puxta ish tutmaganligingiz sizning aybingiz emasmi?» deya savol berishganda ham turli bahonalar bilan o‘zini oqlashga urindi.
Albatta, qarz oldi-berdisi aholi o‘rtasida bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Faqat u halollikni yoqtiradi. Nopok niyat aralashganda olgan qarzi buyurmaydi. Shuning uchun har bir ish avvalida maqolda aytilganidek, yetti o‘lchab bir kesmoq zarur. Aynan ana shu naqlga amal qilmaganligimiz tufayli bugungi kunda odamlar (hatto yaqin qarindoshlar) o‘rtasidagi oldi-berdilarda yuzaga kelgan tushunmovchilik va nizolar sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.
Yozuvchi Tohir Malik qaydlarining birida «Qarz oldi-berdisiga doir mashmashalarning kelib chiqish sababini johillikdan qidirish kerak. Agar kishida ilm bo‘lsa va bu ilmiga amal qilsa yoki ilm olishga intiluvchilardan bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘ldan yuradi va boshi g‘avg‘olar do‘liga uchramaydi», degan gap bor. Bu gap bejiz aytilmagan. Istak tufayli hech qanday rejasiz, puxta o‘ylamasdan biror yumushga qo‘l urish, ayniqsa, qarz olish tashvishdan boshqa narsa keltirmaydi.
Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik Fuqarolik kodeksining 109-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Boshqacha aytganda, bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligini anglatmaydi. Biroq nizo kelib chiqqan taqdirda, taraflarni bitimning tuzilgani, mazmuni yoki bajarilganini guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Hayotda negadir qarz beruvchi ham, qarz oluvchi ham qarz oldi-berdisini notarial rasmiylashtirishga harakat qilmaydi. Bu ehtimol, ularning notarial idoraga borish, qarz shartnomasini rasmiylashtirish uchun vaqt sarflagisi kelmagani bilan izohlanar.
Har qanday holatda ham insonning xohishi uning imkoniyatiga mos bo‘lishi kerak. Buni bizda “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat”, deb izohlashadi. Shunday ekan, har bir harakatimiz qonun asosida raqamlashayotgan, ko‘rinib turgan texnologiya zamonida og‘zaki kelishuvlar, ayniqsa, pul masalasida turli firibgarliklar endi ish bermaydi. Oqibatda pushaymon yemaslikning yo‘li bitta – omonatga xiyonat qilmang, buni Xudo ham kechirmaydi!
O‘lmas Saydinov.