Institutda fan va ta’limni rivojlantirishda qanday islohotlar amalga oshirilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, agrar sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini jadal rivojlantirish va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Bu jarayonda oliy ta’lim muassasalari, xususan, agrar yo‘nalishda kadrlar tayyorlaydigan muassasalarning o‘rni beqiyosdir. Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining agrobiologiya fakultetida o‘simlikshunoslik kafedrasi tashkil etilgan.

Bugungi kunda kafedrada 6 nafar professor, qishloq xo‘jaligi fanlari doktorlari, 15 nafar dotsent va katta o‘qituvchi qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktorlari, 8 nafar assistent, shuningdek, ikki nafar Janubiy koreyalik professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda.

Kafedra yurtimiz qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalariga malakali kadrlarni tayyorlab bermoqda. Bunda talabalarga yuqori pedagogik texnologiyalar asosida turli xil fanlardan ma’ruza, amaliy va laboratoriya darslari o‘tiladi hamda o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlariga rahbarlik qilinadi. Darslar zamonaviy fan yutuqlari va ishlab chiqarish talablari asosida olib boriladi. Shu bilan birga talabalarning ijodiy fikrlashiga, mustaqil tadqiqotlar olib borishiga alohida e’tibor beriladi. Iqtidorli talabalar bilan bakalavriat va magistratura davomida ustoz-shogird an’anasida ishlar olib boriladi.

Institutda “O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi bajarilmoqda. Loyiha qiymati 4,3 mln AQSh dollari bo‘lib, 5 yillik xalqaro loyiha hisoblanadi. 2024 yilning 1-2 noyabr kunlari ushbu loyihaning rasmiy ochilish marosimi hamda loyiha doirasida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Loyiha doirasida in-vitro laboratoriyasi, gidroponika issiqxonasi hamda 3 gektarli himoyalangan Net-house’lar barpo etildi. 2025 yilda ushbu loyiha doirasida kafedra tadqiqotchilari M.Xudoyqulova va M.Avazovlar Janubiy Koreya davlatining Xalqaro bog‘dorchilik institutida malaka oshirib keldi.

2025 yilning 15-16 may kunlari xalqaro loyiha doirasida O‘zbekistonda virussiz urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha dala amaliyoti bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar kartoshka urug‘chiligi sohasidagi eng zamonaviy yondashuvlar va texnologiyalar bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Dala amaliyoti - ilm bilan amaliyot, nazariya bilan natija orasidagi ko‘prik bo‘ldi. Tadbir avvalida mehmonlar ilmiy laboratoriyada olib borilayotgan tadqiqot jarayonlarini ko‘zdan kechirishdi. Ayniqsa, virussiz kartoshka urug‘larini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar ushbu jarayonning nozik jihatlari, mikroskopik tekshiruvlardan tortib, to tuganak hosil bo‘lguniga qadar bo‘lgan bosqichlarni chuqur tushuntirib berishdi. Amaliyot davomida ishtirokchilar gidroponika usulida kartoshka tuganaklarini ko‘paytirish texnologiyasi bilan ham tanishdilar. Bu zamonaviy usul orqali olinayotgan yuqori sifatli tuganaklar, ularning ustida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, hosildorlikka ta’sir qiluvchi omillar bo‘yicha ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, dalada hosili olinayotgan turli kartoshka navlari namoyish etildi. Har bir nav ustida ilmiy izlanishlar olib borilayotgani, seleksiya va moslashuvchanlik jihatlarida qanday farqlar mavjudligi qatnashchilarga tushuntirildi. Tadbir yakunida esa ishtirokchilar institut hududidagi issiqxonalarda ekilgan navlar holatini ko‘zdan kechirishdi. Mutaxassislar bu navlarning iqlimga moslashuvchanligi, sinovdan o‘tayotgan agrotexnik tadbirlar va kelajakdagi rejalari haqida ma’lumot berishdi.

Kafedra qoshidagi tashkil etilgan “Meva-sabzavotchilik va o‘simlikshunoslikda zamonaviy agrotexnologiyalar” nomli markaz tomonidan kafedra professor-o‘qituvchilari S.Sanayev, Sh.Rizayev, P.Bobomirzayev, B.Abduxalikova, I.Amanturdiyev, Z.Boboqulov, L.Xolmirzayeva, A.Shamsiyev va boshqalar tomonidan dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligining barcha jabhasida ilmiy maslahatlar, tavsiyalar hamda amaliy yordam berib kelmoqda.

Shuningdek, kafedra qoshida “Mevali daraxtlarga shakl berish bog‘bon xizmat” servis, ya’ni “Spin-off” guruhi tashkil etilgan.

Bugungi kunda kafedramizda Janubiy Koreya Xalqaro Bog‘dorchilik institutining 2 nafar nufuzli professorlari Seo Meongvhoon va Hyun Mook Cho o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Professor Seo Meongvhoon 3-bosqich talabalariga himoyalangan yer inshootlari turlari va tuzilishi fanidan, professor Hyun Mook Cho esa 4-bosqich talabalariga  kartoshkachilik fanidan ma’ruza mashg‘ulotlari olib bormoqda. Darslar ingliz tilida qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tmoqda.

“O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish” O‘zbekiston – Koreya qo‘shma loyihasi doirasida 2025 yil 24 fevraldan 7 martga qadar kafedramiz bir guruh olimlari – B.Eshonqulov, M.Xudoyqulova va M.Avazovlar Janubiy Koreyada malaka oshirishdi.

Ilmiy – pedagogik kadrlar tayyorlash samaradorligi borasidagi ishlarimiz haqida joriy yilda kafedramiz mustaqil tadqiqotchisi Z.Boboqulov qishloq xo‘jaligi fanlari doktori (DSc), F.Mahmadiyorov, M.Hazratqulov, J.Fayzimurodovlar qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishdi.

Kafedrada “Ziroatshunos” ilmiy to‘garagi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy tugarakka 70 yaqin iqtidorli talabalar jalb qilingan. Talabalarimiz uchun Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya kabi xorijiy davlatlarda o‘quv amaliyotlarini o‘tash tashkil qilingan bo‘lib, ular ilmiy amaliy tajribalarini oshirib kelmoqdalar.

Shu o‘rinda ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligi haqida ham to‘xtalib o‘tishni joiz deb topdik. Kafedra olimlari tomonidan joriy yilda “Yog‘du” Pekin karamiga, “Samarqand tishsimoni” nomli makkajo‘xori naviga patent, “Shoda” navli no‘xatga va “Ekskalibur” nomli piyozga guvohnoma olindi.

Kafedramiz professor-o‘qituvchilarining faoliyati natijasida joriy yilda 8 ta darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanma, 10 ta uslubiy qo‘llanma, 8 ta uslubiy ko‘rsatma, 5 ta monografiya chop etildi.

O‘simlikshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalar, raqamli ma’lumotlar bazalari va interaktiv o‘qitish usullarini keng qo‘llamoqda. Bakalavriat bosqichlarida o‘simlikshunoslik, dala ekinlari, ekinlar seleksiyasi va urug‘chiligi va magistratura bosqichlarida innovatsion agrotexnologiyalar kabi fanlar yuqori ilmiy-metodik saviyada o‘qitilmoqda.

Kafedra xodimlari tomonidan g‘alla, dukkakli, meva-sabzavot, moyli va texnik ekinlar biologiyasi, ekish muddatlari va me’yorlari, suv, oziqlanish rejimlarini optimallashtirishga qaratilgan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Tadqiqot natijalari respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilmoqda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi amaliyotiga joriy etilmoqda.

Bugungi kunda professor-o‘qituvchilar yosh olimlar tayyorlashda ham faol ishtirok etmoqda. 14 nafar tayanch doktorantlar, 10 nafar mustaqil-izlanuvchilar  va 25 nafar magistrantlarning ilmiy izlanishlariga rahbarlik qilinib, dissertatsiya ishlarining dolzarb mavzularda olib borilishi ta’minlanmoqda.

Sobir SANAYeV,

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti kafedra mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.