Samarqandda tungi yoritish qay tarzda yo‘lga qo‘yilyapti?
Bir necha yil ilgari Samarqand shahriga tungi chiroqlar o‘rnatish “Samarqand nur” MChJ xodimlari tomonidan amalga oshirilar edi. Mazkur korxona Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi tarkibiga o‘tgach, bu yumush bilan loyihalar tenderida g‘olib bo‘lgan qurilish korxonalari shug‘ullanmoqda.
Past Darg‘om, Oqdaryo, Paxtachi, Jomboy, Toyloq tumanlariga kirish yo‘llariga o‘rnatilgan zanglamaydigan metaldan tayyorlangan tungi yoritish chiroq ustunlari Toshkent shahridagi «Metal Profil» MChJga qarashli korxonalardan keltirilmoqda. Asosan yoritish ustunlari, yo‘lni ajratib turuvchi to‘siqlar, parklar va xiyobonlarga o‘rnatiladigan “xay tek” dekorativ chiroqlari ishlab chiqaruvchi mazkur korxona o‘z mahsulotlarini mamlakatimiz bo‘ylab yetkazib bermoqda. Shuningdek, viloyatimizning barcha tumanlarida faoliyat yuritayotgan kichik korxonalar ham arzon va qulay profil metaldan turli o‘rindiq, to‘siqlar va chiroqlar uchun ustunlar tayyorlab mahalla va qishloqlarning obodligi uchun hissa qo‘shib kelmoqda.

Shaharning qadimiy osori-atiqalari, jumladan, Registon maydoni, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi, Universitet xiyoboni kabi aholi gavjum maskanlarning tunda ham jozibador ko‘rinishi uchun tungi chiroqlarning katta ahamiyati bor.
- Bir vaqtlar shaharning markaziy ko‘chalaridagina tungi chiroqlar o‘rnatilgan bo‘lsa, bugunga kelib barcha katta-kichik ko‘chalarga, aholi gavjum bo‘ladigan maydonlarga “Xavfsiz shahar” loyihasi asosida elektr tejamkor chiroqlar va projektorlar o‘rnatildi, -deydi Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari Yunus Bobonazarov. - Amalga oshirilgan loyiha doirasida 100 mingdan ortiq aholining tungi paytda ko‘chada bemalol harakatlanishi uchun yorug‘, xavfsiz makon yaratildi. Shuningdek, ayrim hududlarda o‘rnatilgan quyosh panelli ko‘cha chiroqlari orqali elektr sarfi tejalib, iqtisodiy samaradorlikka erishilmoqda.
Viloyatimizda 10 ga yaqin kichik korxona tomonidan chiroqlar uchun zamonaviy ustun va panjaralar tayyorlanmoqda. Jumladan, “Me’mor Alisher Kumushkent” MChJ korxonasida ham xuddi shunday mahsulotlar tayyorlanadi.

- Ilgari oddiygina o‘rindiq yoki to‘siqlarni tayyorlovchi korxona bo‘lmaganligi uchun ularni Samarqand yoki Toshkent shahridan olib kelishga majbur bo‘lardik, - deydi “Me’mor Alisher Kumushkent” MChJ bosh muhandisi Akmal Xo‘jamqulov. – Endilikda korxonamiz qoshida sex tashkil etib, turli shakllardagi chiroq ustunlari, panjara va to‘siqlarni tayyorlayapmiz. Ayni vaqtda Bulung‘ur tumanini kesib o‘tgan Bulung‘ur kanali yoqasida 3,5 kilometr velo va piyoda yo‘laklari quryapmiz. Hozirgacha ishchilarimiz tomonidan 2 kilometr masofa betonlashtirildi. Seximizda 35 ta zamonaviy o‘rindiq, 50 ta 3 metrlik chiroq ustunlari va panjaralarni tayyorlab qo‘ydik.
Elektr energiyasini tejash maqsadida joylarda quyosh panelli ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Ularni ayniqsa, Samarqand shahri ko‘chalarida, tarmoq tortish murakkab bo‘lgan hududlarda va M-39 avtomagistral yo‘llarida ham ko‘plab uchratish mumkin. Ayrim mahalla va qishloqlarda qurilgan piyodalar yo‘laklariga o‘rnatilayotgan tungi yoritish chiroqlari uchun elektr energiyasi sarflanmaydi. Ya’ni, yoritish chiroqlari quyoshdan quvvat oladi. Bu uskunaning kunduzi fotovoltaik panellari yorug‘lik energiyasini oladi va qayta quvvatlanadigan batareyani zaryad qilish uchun elektr energiyasini uzatadi. Kechasi, akkumulyator batareyasi quyosh nurli zaryad boshqaruvchisi nazorati ostida LED yoritgichiga elektr energiyasini yetkazib beradi. Natijada elektr energiyani tejashga erishiladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.