Ko‘p qavatli uyda sun’iy zilzila sinovi o‘tkazildi
Toyloq tumani Charog‘bon mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilayotgan 16 qavatli turar-joy binosida vibrodinamik uskuna yordamida zilzilabardoshlik sinovi o‘tkazildi.
Keyingi yillarda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joylarning zilzilabardoshligi, ayniqsa, seysmik faol hududda qurilayotgan inshootlarda me’yoriy hujjatlar va zamonaviy uskunalar yordamida amaliy tekshiruvlar ham o‘tkazilmoqda.
Prezidentning 2024 yil 17 apreldagi “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan sinov maxsus vibrodinamik uskuna yordamida o‘tkazilib, jarayonga malakali mutaxassislar jalb etildi.

Dastlab bino holati o‘rganildi, konstruktiv elementlar tekshirildi va maxsus uskunalar o‘rnatildi, so‘ng zilzilaviy ta’sirni sun’iy ravishda hosil qilish ishlari boshlandi. Sinov jarayonida bino konstruksiyalariga 8 ballik zilzilaga moslashtirilgan tebranish berildi. Bu esa inshootning seysmik barqarorligini real sharoitga yaqin holatda baholash imkonini yaratdi. Mutaxassislar barcha jarayonlarni maxsus jihozlar orqali nazorat qilib bordi. Binoning reaksiyasi, konstruksiyalarning harakati va barqarorligi bosqichma-bosqich qayd etildi. Sinov ishlari uch bosqichda amalga oshirilib, dastlabki vizual xulosalarga ko‘ra, bino zilzilaviy ta’sirlarga nisbatan barqaror holatda ekani qayd etildi. Hozirda umumiy olingan natijalar mutaxassislar tomonidan qayta ishlash va umumlashtirgan holda yakuniy xulosa chiqarish jarayonida.
Aytish joizki, bunday sinovlar O‘zbekiston sharoitida alohida ahamiyatga ega. Bunday tadqiqotlar hududdagi binolarning seysmik mustahkamligi va zilzilabardoshlik darajasini aniqlash, shuningdek, uni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mamlakatimiz seysmik faol hududda joylashgan bo‘lib, har bir bino va inshootning mustahkamligi inson hayoti va mulk xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq. Olingan natijalar asosida kelgusida binolarning seysmik barqarorligini kuchaytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanadi. Bu esa viloyatimizda barpo etilayotgan barcha bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini davlat nazoratiga olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Viloyat qurilish nazorat inspeksiyasi axborot xizmati.