Eyfel minorasini sotib yuborgan firibgar haqida eshitganmisiz?
Viktor Lyustig XX asrning eng ustasi farang firibgarlaridan biri hisoblanadi. U 50 martadan ziyod hibsga olingan va dalillar yo‘qligi sabab har safar quyib yuborilgan. U insonlar ruhiyatini juda yaxshi his qilgan.
Viktor Lyustig Chexiyaning Gostin shaharchasida tug‘ilgan. U yuqori darajali bilim sohibi bo‘lgan va beshta tilda bemalol gaplasha olgan. Viktorning otasi uni Sorbonna universitetiga ta’lim olishga yubordi. Biroq yigitcha o‘qishni tashlab, Yevropa bo‘ylab sayohatga otlandi. Bir necha yil davomida u Yevropani kezdi, turli nomlar bilan bir nechta kichik firibgarliklarni amalga oshirdi. Yosh firibgar o‘zini asosan Avstriya grafi, deb tanishtirardi.
Lyustig kichik firibgarliklardan qanoatlanmasdi va olamshumul firibgarlik uyushtirishni rejalashtira boshladi hamda qulay payt poyladi. 1925 yilda Viktor yirik o‘lja izlab, Birinchi jahon urushidan so‘ng qayta tiklanayotgan va shiddat bilan rivojlanayotgan Parijga keldi. Ustasi farang firibgar Parijga yetib kelgan kunining o‘zidayoq Eyfel minorasi xaroba ahvolga kelib qolganligi va uni ta’mirlashga ko‘p mablag‘ ketishi haqida yozilgan gazetadagi maqolaga ko‘zi tushdi. Shunda Viktorning xayolida uni dunyoga mashhur qilgan qoyilmaqom firibgarlik g‘oyasi tug‘ildi.
Lyustig zudlik bilan qalbaki hujjatlar tayyorladi. U metalni qayta ishlash sohasi tadbirkorlarining 6 nafar yirik vakilini Parijning eng nufuzli “Kriyon” mehmonxonasiga maxfiy majlisga chaqirdi. Chaqirilganlarning barchasi mehmonxonaga kelishdi. Firibgar o‘zini pochta vazirligining bosh diretori o‘rinbosari, deb tanishtirdi.
Lyustig Eyfel minorasini ta’mirlash shahar uchun juda qimmatga tushayotganini, shu sababli uni yirik metalchi tadbirkorlarning biriga sotib yuborish qarori qabul qilinganini, biroq keng jamoatchilik tomonidan salbiy e’tirozlar bo‘lishi mumkinligini, mazkur yig‘ilish va kelishuv sir tutilishi lozimligini yig‘ilganlarga tushuntirdi.
Viktor Lyustig tadbirkorlar guruhini Eyfel minorasini ko‘zdan kechirishga olib bordi. Minora bo‘ylab uyushtirilgan sayohat firibgarga o‘lja tanlashga yordam berdi. U tadbirkorlarning qaysi minorani sotib olishga ko‘proq ishtiyoqmand ekanligini aniqladi. U o‘lja sifatida Andre Puassonni tanladi. Puasson Eyfel minorasini sotib olgan tadbirkor sifatida tarixda qolishga va minoraga egalik qilishga ishtiyoqi baland edi.
Birinchi uchrashuvdan biroz o‘tib, Lyustig Puassonning o‘zini alohida maxfiy uchrashuvga taklif qildi. Ammo uchrashuvga Puasson bilan birga kelgan rafiqasi vaziyatdan shubhalana boshladi. U Lyustigning tarixi, nima sababdan oldi-sotdi bitimi maxfiy o‘tayotganligi va nima uchun pochta vazirligining bosh direktori o‘rinbosari aynan Puassoni uchrashuvga taklif qilgani bilan qiziqdi. Firibgar mohirlik bilan bu vaziyatdan ham chiqib ketdi. U Puassonga Eyfel minorasini qo‘lga kiritishda barcha imkoniyatlari mavjudligini aytdi. Faqat buning uchun ozgina “mukofot” talab etilishini, shu sababdan ham aynan uni maxfiy uchrashuvga taklif qilganini tushuntirdi. Bu so‘zlardan so‘ng Puasson va uning rafiqasi tinchlanishdi. Ilgari ham amaldorlarga pora bergan Puasson bu “amaldor” nima sababdan faqat uni taklif qilganini fahmlagandek bo‘ldi.
Shunday qilib, Lyustig Eyfel minorasining pulini va o‘z xizmatining mukofotini Puassondan qabul qilib oldi. Puasson esa Eyfel minorasiga “egalik qilish” huquqini beradigan hujjatlarni Lyustigdan qabul qilib oldi. Chuv tushgan tadbirkor, firibgarga nafaqat minora uchun pul to‘ladi, balki minorani “sotib olishda” yordam qilgani uchun unga mo‘maygina pora ham berdi.
Olamshumul firibgarlikdan so‘ng Viktor Lyustig bir qop pul bilan poyezdga o‘tirib, boshqa shaharga jo‘nab ketdi. Puasson politsiyaga murojat qilmadi, shunday ham u butun Parijga sharmanda bo‘lgan edi.
Oxir-oqibat Fransiya politsiyasi Viktorning izidan tushdi. Lyustig AQShga qochishga muvaffaq bo‘ldi. AQShda u qalbaki pul ishlab chiqarish bilan shug‘ullandi. Bu sohada ham u ko‘zga ko‘rinar natijalarga erishdi. Federal tergov byurosi xodimlari uni uzoq yillar qo‘lga tushira olmadi. Ammo Lyustigni rashk qilgan sevgilisi uni sotdi va Viktor ko‘plab ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi. Sud bo‘layotgan vaqtda u qochishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq tezda yana qo‘lga tushdi. Unga jami 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi ta’yinlandi. Jazoni o‘tash uchun u Alkatras qamoqxonasiga yuborildi. 12 yil qamoq jazosini o‘taganidan so‘ng u 57 yoshida qamoqxonada vafot etdi.
Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.