Ezgu maqsadlarga birgalikda erishamiz

Chunki Murojaatda tadbirkorlik va fermer xo‘jaliklari faoliyatidagi muammolar chuqur tahlil qilinib, faoliyatimizni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar berildi.

O‘ttiz to‘rt yildan buyon qishloq xo‘jalik sohasida mehnat qilyapman. O‘n olti yildirki, fermerman. 2014 yildan beri paxta va g‘alla yetishtirish bilan birga, chorvachilik tarmog‘ini ham tashkil etganman. Xo‘jaligimizda 60 bosh zotdor qoramol boqilmoqda, har yili 100 tonnadan ziyod sut sog‘ib olyapmiz, 4-4,5 tonna go‘sht yetishtiryapmiz. Lekin bu mahsulotlarni qayta ishlash uchun korxona tashkil etishga, ochig‘i, yuragim dov bermay turgandi. Prezidentimizning ma’ruzasini tinglab, o‘zimda qo‘shimcha kuch his etdim. Chunki tadbirkorlik qilish uchun imkoniyatlar yanada kengaydi. Garchi hozir hayajon bilan o‘z muammom, faoliyatim haqida gapirgan bo‘lsam-da, bu barcha narpaylik fermer va tadbirkorlarning dilidagi gap, orzu-armoni.
Murojaatnomada mahalliy kengashlar deputatlari oldiga ham mas’uliyatli vazifalar qo‘yildi. Chunki bugun zamon shiddat bilan o‘zgarib, odamlarimiz dunyoqarashi yuksalyapti, yashash sharoitlarini yaxshilash uchun mehnat qilishyapti. Demak, deputatlar Prezidentimiz fikrlaridan kelib chiqib, deputatlik so‘rovi, tegishli davlat idoralari rahbarlari axborotlarini eshitish kabi vakolatlaridan keng foydalanishlari hayotiy zaruratdir. Zero, izchil islohotlar jarayonida hech bir deputatning tomoshabin bo‘lib chetda turishga haqi yo‘q.

Zaynab HAYDAROVA,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Narpay tumanidagi "Mehnat-rohat" fermer xo‘jaligi boshlig‘i.
Yillar insonni donishmand qilar ekan... Qancha zamonlarni qancha odamlarni ko‘rdim. Hammasi ham esda qolmaydi. Biroq muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabr kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta amalga oshirilgan Oliy Majlisga Murojaatnomasi bir umr yodimda muhrlanib qoladi. Nafaqat mening hayotimda, balki butun O‘zbekiston ahlining hayotida bu unutilmas voqea, yangi umidlar nashidasi sifatida muhrlanib qolajak. 

Rostini aytsam, Prezident nutqidan so‘ng men o‘zimni boshqacha his qildim. Yanada tetikroq bo‘ldim. Axir bizni buyuk kelajak uchun buyuk ishlar kutmoqda. Men Vatanini jonidan sevadigan, millatini ardoqlaydigan, do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlaydigan, innovatsion g‘oyalar asosida tashabbus va fidoyilik ko‘rsata oladigan Yurtboshimiz bilan faxrlanaman va albatta, xalqimizning kelajagi, manfaatlari uchun barcha imkoniyatlarimni safarbar etaman.
Bobomurod ZIYoYeV,
"Do‘stlik" ordeni sohibi,
mehnat faxriysi.

***
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini televideniye orqali zo‘r e’tibor bilan tingladim. Ma’ruzada keltirilgan fikrlar, ochig‘i, meni hayratga soldi. Bunday bo‘lishini sira kutmagandim.
Mamlakatimizda joriy yilda nimalarga erishildi, nimalar qilishimiz mumkin edi-yu, qaysilari unutildi. Barchasi chuqur tahlil etilib, kelgusi yil rejalari ham belgilandi. Xususan, tadbirkorlarning yuragida yillar davomida zang bosib qolgan armonlarni parchalab tashladi. Yurtboshimiz to‘g‘ri aytdilar – elni tadbirkor boqadi, ish o‘rnini tadbirkor yaratadi. Tadbirkor ko‘p bo‘lsa, el boy bo‘ladi.
Buni o‘z faoliyatimda ham ko‘rishim mumkin. Korxonamiz bundan to‘rt yil oldin atigi to‘rt kishi bilan faoliyatini boshlagan edi. Hozirga kelib, ishchilarimiz soni qariyb o‘ttiz kishiga yetdi. Biz asosan, quruq mevalarni qayta ishlab, eksport qilamiz. Shu yilning o‘tgan davrida 800 ming dollar miqdorida mahsulotni chetga yo‘naltirdik.
Ma’ruzadagi g‘oya va takliflar bizni yanada ko‘proq va shiddatli ishlashga undaydi. Prezidentimizning ishonchini oqlash, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga astoydil harakat qilamiz.
Rahmat ShODIYeV,
"Urgut marjonasi" korxonasi rahbari.

***
Murojaatnomani oddiy bir o‘qituvchi sifatida katta hayajon bilan kuzatarkanman, davlatimiz rahbarining yil boshidagi anjumanlardan birida "Xudoga shukurki, men pastda nimalar bo‘layotganini juda yaxshi bilaman", degan gaplarini yodga oldim. 
Darhaqiqat, Prezident barcha muammolardan xabardor va ularni qayta-qayta tilga olmoqda. Ammo o‘sha muammolarni bartaraf etishga mas’ul bo‘lgan joylardagi mutasaddilar-chi? E’tibor bering, Prezident har bir ma’ruzada "Menga taklif kerak" demoqda. 

Murojaatnomada ham Prezidentimiz "Birorta deputat menga taklif bilan chiqqan emas", deb aytdi. Birgina o‘zimizning hudud bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, saylovoldi jarayonlarini hisobga olmasak, maktabimizga so‘nggi besh yilda faqat bir marta deputat kelganini eslayman. Fikrimcha, aholi bilan yetarlicha muloqotda bo‘lmagan deputatda taklif bo‘lmaydi. Bugun Prezident tomonidan elektron murojaat bo‘yicha ham taklif bo‘ldi. Buning qanchalik muhimligini o‘z faoliyatim davomidagi bitta misol orqali aytmoqchiman. Xalq ta’limi vazirining shu yil tayinlangan yosh, yangi o‘rinbosarining internetdagi ijtimoiy tarmoqda shaxsiy profili bor ekan. Shu orqali vazir o‘rinbosariga o‘qituvchi sifatida ta’lim tizimidagi bir qator muammolar yuzasidan takliflarimni yubordim. Oradan bor-yo‘g‘i ikki soat o‘tib, mening murojaatimga vazir o‘rinbosaridan javob keldi. Bir o‘ylab ko‘ring-chi, shu vaqtgacha oddiy o‘qituvchida vazir o‘rinbosari bilan ochiq-oydin muloqot qilish imkoni bo‘lganmi? Prezident esa internetda "Mening fikrim" degan maxsus veb-sahifa tashkil etish zarurligini bildirdi. Bu barcha sohalarda, har qanday fuqaroning taklifi ro‘yobga chiqadi, deganidir.
Ahmadxon MUSTAFOQULOV,
o‘qituvchi, Toyloq tumani.

***
Prezidentimizning Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasini diqqat bilan eshitdim. U kishining xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, mamlakatlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, kutubxonalar fondini zamon talabi darajasida saqlash, ilmiy va badiiy merosni kelgusi avlodga yetkazish borasida bildirgan fikrlari bugungi hayotimizning dolzarb talabi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari haq gapni gapirdi. Har tomonlama taraqqiy etgan davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etishimizda bizga tafakkuri teran, har jabhada faol va sog‘lom fikrlovchi avlod kerak. Zero, jahon sivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ajdodlarimiz – Xorazmiy, Imom Buxoriy, Beruniy, Farg‘oniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Bobur kabi buyuk mutafakkir bobolarimizning yuksak zakovat egasi bo‘lishida, ularning dunyo ahlini lol qoldirgan kashfiyotlar, ixtirolar qilishida va tafakkur mahsullaridan hozirgi jamiyat bahramand bo‘lishida kitobning o‘rni so‘zsiz ekanligini inkor etib bo‘lmaydi.

Axborot xurujlari tobora avj olayotgan ayni davrda fuqarolarimiz, yoshlarimizning ongu tafakkurini turli yot g‘oyalar, tajovuzlardan asrash uchun saodatli turmushimizni kafolatlovchi, ma’rifatga eltadigan kitob mutolaasiga intilmog‘imiz kerak.
Sobir AHMEDOV,
Payariq tumanidagi Alisher Navoiy mahallasi posboni.

***
Prezidentimizning Murojaatnomasi chet elda o‘qiyotgan minglab talaba-yoshlar qatori meni ham to‘lqinlantirdi, katta hayajon bilan onlayn tarzda kuzatdim.
Prezident sifatida so‘zini boshlagan Shavkat Mirziyoyev keyinchalik o‘zini yurtning haqiqiy lideri, chinakam farzandi, qahramoni sifatida namoyon etdi. Uzoq yurtda Yurtboshimizning kuyinib gapirgan gaplari meni chinakamiga to‘lqinlantirdi. Yashasin Vatan, yashasin jonajon O‘zbekistonim, yashasin millatning haqiqiy lideri, deb hayqirgim keldi.

Murojaatnomani diqqat bilan tingladim, yana takror-takror o‘qidim. Amin bo‘ldimki, yaqin kelajakda jonajon Vatanimiz misli ko‘rilmagan darajada rivojlanadi. Bu tavakkal ish emas, axir mazkur konsepsiyada 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi g‘oyasi mujassamlashgan. Bu g‘oyani amalga oshirish uchun esa har birimiz jonbozlik ko‘rsatishimiz lozim.

Yana bir e’tirof: Prezidentimiz xalqimizni uzoq yillardan buyon qiynayotgan, taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotgan ko‘plab muammolar va ularning omillari haqida ochiq-oydin gapirdi. Ayniqsa, yolg‘on-yashiq hisobotlar, soxta raqamlar bilan xalqni aldamasdan, achchiq bo‘lsa-da, haqiqiy ko‘rsatkichlarni aytish kerak, deb bunga javoban o‘zlari aniq haqiqatlarni oshkor etdi. Avvallari hech kuzatilmagan bunday jasorat va qat’iyat Prezidentimizga bo‘lgan ishonch va hurmat hissini yanada kuchaytirdi. Chet ellik tengdoshlarimiz ham Prezidentimiz nutqidan iqtibos keltirib, u kishining ma’naviy jasoratiga qoyil qolishmoqda va qizg‘in muhokamalar markazida bo‘lmoqda.
Men xorijiy mamlakatda ta’lim olib, ertaga Prezidentimizning chaqirig‘iga javoban labbay, deb Vatanimga qaytib, olgan bilim va tajribamni sarflab, yurtim ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shaman.