Faoliyat sarhisob qilinib, I Kongressga delegatlar saylandi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashining navbatdagi konferensiyasi o‘tkazildi.
Unda o‘tib borayotgan 5 yillikdagi faoliyat sarhisobi bilan birga, joriy yilning 27 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda munosib ishtirok etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd qilinganidek, partiya g‘oya va maqsadlari atrofida har tomonlama faol, yurtimiz taraqqiyoti va ravnaqi bilan o‘z taqdirini yagona deb hisoblaydigan, bu borada o‘z salohiyati, bilim hamda intilishlarini ana shunday ezgu ishlarga yo‘naltira olgan kishilarni birlashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Shu sabab umummilliy siyosiy tashkilot sifatida turli tarmoq va tizim vakillarini o‘z saflariga yanada ko‘proq birlashtirmoqda. Bunday samarali faoliyati tufayli partiya boshlang‘ich tashkilotlari soni ham sezilarli ravishda oshib boryapti.
Xususan, 2019 yil 1 yanvar holatiga partiyaning viloyat kengashidagi boshlang‘ich tashkilotlari 1236 ta hamda a’zolar soni 100 ming 865 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, boshlang‘ich tashkilotlar 1450 ta, a’zolar soni esa 155 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.
Partiya deputatlik guruhlari tomonidan o‘tgan davr davomida tegishli tashkilot va idoralar rahbarlariga 5 ming 419 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan, 200 dan ortiq masala boshlang‘ich partiya tashkilotlari tashabbusi asosida tayyorlanib, deputatlik guruhlarida eshituvlar tashkil etildi. 661 marotaba mansabdor shaxslarning hisoboti eshitildi. 100 dan ortiq masala viloyat Kengashi sessiyada ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Partiya viloyat kengashi tomonidan 2019-2024 yillar davomida 20 mingga yaqin davra suhbatlari, uchrashuvlar, partiyaviy loyihalar, jamoatchilik nazorati va ommaviy tadbirlar tashkil etilgan bo‘lib, mazkur tadbirlarda 1 milliondan ortiq elektorat vakillari tadbirkor va fermerlar, yoshlar, xotin-qizlar, intellektual mulk sohiblari hamda partiya faollari ishtirok etgan.
Sarhisobdan so‘ng partiyaning I Kongressiga delegatlar saylandi hamda Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovni uyushqoqlik bilan o‘tkazish va mazkur siyosiy jarayonga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘zLiDeP viloyat kengashi matbuot xizmati.