Farg‘onalik velomarafonchi otaxonlar 800 kilometr masofani bosib Samarqandga keldi

31 mart kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidan yo‘lga otlangan 27 nafar kayvoni otaxonlar bugun Samarqand shahriga yetib keldi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir asosida yo‘lga chiqqan velomarafonchi otaxonlarni Registon maydonida keng jamoatchilik vakillari kutib oldi.

Mehmonlarga viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev Samarqandgacha velosipedda kelgani uchun alohida minnatdorchilik bildirib, kelgusida bu tashabbusni samarqandliklar ham amalga oshirishini aytib o‘tdi. Ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi. 

-  Samarqandgacha qariyb 800 kilometr masofani bosib o‘tdik, - deydi 66 yoshli otaxon Yusufjon Rustamov. – Biz bu yerda qolib, ikki-uch kun davomida tarixiy obidalarni ziyorat qilamiz. Uzoq masofaga birinchi marta chiqdik, shu paytgacha Namangan, Andijon viloyatlarini 200 kilometr masofagacha bosganmiz. Kelgusida velosipeddagi sayohat hamda ziyoratimizni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga rejalashtiryapmiz.

Husan Eltoyev.