Samarqand xayriya ekovelomarafon tadbiriga mezbonlik qiladi

Viloyat matbuot uyida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni qatnashchilarining 28-29 may kunlari Samarqand viloyati bo‘ylab harakatlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Davlat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan velomarafon haqida viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev harakatlanish yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

Ta’kidlanishicha, ekologik xayriya velomarafonga soat 9:00 da Samarqand shahridagi Islom Karimov ko‘chasidan start beriladi. Ikki kunga mo‘ljallangan velomarafonning birinchi kunida ishtirokchilar 55 kilometr masofani bosib o‘tadi. Shu kuni Samarqand shahridagi “Yoshlik” istirohat bog‘ida “Mo‘ynoqqa madad” velomarafon ishtirokchilari va keng jamoatchilik uchun xayriya konserti tashkil etiladi. Marafonning ikkinchi kuni ekovelomarafon ishtirokchilari “Registon-Mahdumi A’zam ziyoratgohi” yo‘nalishidagi 50 kilometr masofani bosib o‘tadi.

Shuningdek, velomarafon davomida ishtirokchilar Samarqand shahridagi Ulug‘bek rasadxonasi, Afrosiyob muzeyi, Xo‘ja Doniyor, Hazrati Xizr, Shohi Zinda majmualarida, “Bibixonim” masjidi, Registon maydoni, Amir Temur maqbaralarida ham bo‘lishadi.

  - Xayriya marafonidan tushgan mablag‘lar Mo‘ynoq tumanidagi “Aliovul” ovulini obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, ish o‘rinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etishga yo‘naltiriladi, - deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi axborot xizmati rahbari Akbarjon Abduraimov. – Shuningdek, bu tadbir Orolning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simliklardan iborat butazorlar barpo etilishi, hududda yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, jamoatchilik e’tiborini ekologik muammolar yechimiga qaratish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng jalb etish maqsadida tashkil etilmoqda.

Husan Eltoyev.