Samarqand shahri xotin-qizlari o‘rtasida velomarafon o‘tkazildi (foto)
“Barqaror va inklyuziv transportni rivojlantirishda ayollarning o‘rni” shiori ostida tashkil qilingan velomarafonda korxona-tashkilotlar, ta’lim muassasalari hamda mahallalarning 200 nafardan ortiq havaskor xotin-qizlari ishtirok etdi.
Velomarafon qatnashchilari viloyat musiqali drama teatri oldidan start olib, Universitet xiyoboni bo‘ylab 3 kilometr masofada g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Yakunda 87-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa Sanaqulova marraga birinchi, yengil atletika va o‘yin turlariga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Shahzoda Hamidova ikkinchi, 35-maktab o‘quvchisi Rushana Baykova uchinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, Bog‘ishifo mahallasida yashovchi Dilfuza Gulyamova “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”, Cho‘mchuqli mahallasidan Hilola Qodirova “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun”, Samarqand shahridagi 2-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dilnoza Burxonova “Eng yosh velomarafonchi” nominatsiyalari sovrindoriga aylandi.
G‘oliblar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jasur Nurmanov.