Bog‘cha bolalari velomarafonda bahslashdi
Samarqand shahrida 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida ikkinchi velomarafon o‘tkazildi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, sportni rivojlantirish vazirligi, velosport federatsiyasi hamda viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Samarqanddagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 120 nafar 6 yoshli tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati raisi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisi T.Norboyeva, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchi Xans-Ulrix Im o‘tgan yil ilk bor Toshkent shahrida, bu yil Samarqandda o‘tkazilayotgan mazkur tadbir farzandlarimizni yoshligidan sport bilan shug‘ullanishga da’vat etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuning uchun ham kelgusi yildan bu marafonni yurtimizning barcha hududlarida o‘tkazish ko‘zda tutilgani qayd etildi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi mas’ullarining ma’lum qilishicha, 2021 yilda maktabgacha ta’lim tizimida ekologik ta’lim-tarbiya hamda bolalar uchun begovel haydash metodikasini joriy etish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi. Buning uchun 13 ta tayanch davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 400 ta begovel bilan ta’minlandi. Joriy yilda esa loyiha doirasida 20 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 500 ta begovel taqdim etildi. Jumladan, Samarqanddagi bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham mazkur loyihaga qo‘shildi. Begovellarning asosiy ustun jihati shundaki, unda kichik yoshdagi bolalar muvozanatni ushlashni qiyinchiliksiz o‘rganishadi va bu ularga kelajakda oddiy velosipedga o‘tish jarayonini osonlashtiradi.
– Yaqinda bizning muassasamizga ham 25 dona begovel berishganda, dastlab bolalarimiz, hatto o‘zimiz ham ajablandik, – deydi Samarqand shahridagi 36-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Dilfuza Qutliyeva. – Pedalsiz velosipedni tabriyalanuvchilar qanday boshqaradi, deb hayron bo‘lgandik. Keyin ushbu vositaning qanday afzalliklari borligi bilan qiziqib bilib oldikki, begovel bolani muvozanatini ushlashga, sog‘lom va jismoniy baquvvat bo‘lishiga, keyinchalik velosipedni qiynalmay boshqarib ketishiga yordam berarkan. Hozir tarbiyalanuvchilarimiz undan foydalanishni yaxshi o‘rganib olishdi. Ular bugungi marafonda ham faol qatnashdi.
Velomarafonda ishtirok etgan bolalar esdalik medallari, sovg‘alar bilan taqdirlandilar, shuningdek, ular uchun ko‘ngilochar dastur tashkil etildi.
Tadbir doirasida viloyat hokimligi tomonidan viloyat velosport feredatsiyasiga 2 ta “Damas” avtomashinasi va 40 ta zamonaviy velosiped berildi.