Velomarafonchilar “Mo‘ynoqqa madad” uchun Samarqandda jam bo‘ldi
Avval xabar berganimizdek, bugun “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni Samarqand viloyatida o‘tkazildi.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi N.Oblomurodov, Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov so‘zga chiqib, Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamiz, balki global darajadagi ekologik ofat markaziga aylangani, shu sababdan keyingi yillarda Orolbo‘yi hududida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Mazkur ekologik xayriya velomarafoni ham ushbu ezgu ishlarning uzviy davomi. Velomarafonni o‘tkazishdan asosiy maqsad Orolbo‘yi xududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar va faol fuqarolarning ixtiyoriylik asosida xayriya va homiylik mablag‘larini jalb etishdan iborat.
Velomarafon ishtirokchilari 55 kilometr masofani bosib o‘tdi. Tajribali velomarafonchilar qatorida samarqandlik velopoygachilar hamda havaskorlar ishtirok etdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan tadbirda ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
- Bu sport turi bilan to‘rt yildan buyon shug‘ullanganim bugungi musobaqada asqotdi, - deydi urgutlik velosportchi Orzumurod Ernazarov. – Nasib qilsa, Mo‘ynoqacha bormoqchiman.
Samarqandda velomarafon ertaga ham davom etadi. Ishtirokchilar 50 kilometr masofani bosib o‘tadi. Shundan so‘ng “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni ishtirokchilari Navoiy viloyati tomon yo‘l oladi.
Husan Eltoyev.