Faridin NASRIYEV: Bizning OAV masalani aynan millatga, fuqarolikka nisbat bergan holda yoritadi. Bu noto‘g‘ri
Rossiyadagi o‘zbeklarning ko‘p jinoyat qilayotgani haqidagi gaplar qanchalik haqiqatga yaqin? Bosh konsulning OAVga e’tirozi nimada? Nega salbiy xabarlar tez tarqalib, ijobiylariga e’tibor berilmaydi?
O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli Faridin Nasriyev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida shular haqida fikrlarini bildirdi.
Diplomatdan dastlab Rossiyada yashayotgan millionlab O‘zbekiston fuqarolari orasida jinoyatchilik darajasi qay darajadaligi haqida so‘radik.
«Statistika qilinayotganda o‘zbeklar ko‘p jinoyat qilayotgandek ko‘rinadi. Ammo bizdan kelayotganlar ko‘pligini ham inobatga olish kerak-ku?! Aholi soniga taqsimlansa, foiz jihatidan O‘zbekiston fuqarolari orasidagi jinoyatchilik kam, aslida.
Yana bir narsani ta’kidlashni istardimki, Rossiyada ilmli, o‘zining yo‘lini topib ketgan fuqarolarimiz ko‘p. Ammo negadir, ommaviy axborot vositalari salbiy xabarlarni ko‘proq yoritadi. Bir o‘zbek kimnidir o‘ldiribdi, boshqa biri o‘g‘irlik qilibdi... Bu ayniqsa, o‘zbek OAVda ko‘p kuzatiladi. Nega o‘zbek fuqarolarining yutuqlarini ko‘rsatmaysizlar?
Mana yaqinda Permda o‘zbek fuqarosi yonayotgan avtobusdan odamlarni qutqardi. Yosh yigit.
Qozon federal universitetida 3800 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. 80 ming talabasi bor universitetda o‘zbek talabasi «Yil talabasi» bo‘ldi. Bunday yigitlarimiz – bizning g‘ururimiz. Nega bu narsalarni ko‘rsatmay, faqat salbiy tomonlarni yoritamiz?!
Bilimli, ilmli, yaxshi joyda ishlaydigan, tadbirkor fuqarolarimiz ham bor. 15, 20, 25 yil oldin chiqib ketgan vatandosh tadbirkorlarimiz bilan ham ishlayapmiz hozir. Ular ham vatanparvar, ularda ham g‘oya bor. Fuqaroligini olgandir, ammo o‘zbekman, deb iqtisodiyotni rivojlantirishga sarmoya qilmoqchi. Bu tomonlari ham bor-ku?!
Sababi – salbiy bo‘lsa, hamma o‘qiydi. Ijobiy bo‘lsa, o‘qimaydi. Qancha million «layk» olamiz. Shunaqami OAV? To‘g‘ri, salbiy xabarlar bo‘lsin, ammo haqiqat bo‘lsin. Bu tomonini ham unutish kerak emas», deydi bosh konsul.
Faridin Nasriyevning ta’kidlashicha, u rus jamoatchiligining ko‘plab vakillaridan minnatdorlik eshitgan. Ular o‘zbek fuqarolarining tarbiyasini, hurmat-izzatni bilishini e’tirof etishgan.
«Men suhbatlashgan juda ko‘pchilik, misol uchun, universitetlar rektorlari, prorektorlar, dekanlar, korxona rahbarlari menga rahmat aytadi. O‘zbek fuqarosining tarbiyasi yaxshi, hurmat-izzatni biladi, inson qadrini biladi, deyishadi. Ko‘p iliq so‘zlar eshitaman. Bularda bizning fuqarolar va talabalar haqida shunday fikrlar borligidan g‘ururlanaman. Masalan, bizning talabalar avtobus, metro yoki tramvaylarda keksa kishilarga joy beradi. Hamma ham bunday qilavermaydi, tarbiya olgan inson shunday qiladi», dedi Nasriyev.
Uning aytishicha, jinoyatchining millati, tili va davlati bo‘lmaydi. Jinoyatchi hamma joyda jinoyatchidir.
«Jinoyatchining millati, tili, fuqaroligi bo‘lmaydi. U – jinoyatchi. Uni fuqarolikka, millatga nisbat berish noto‘g‘ri. Jinoyatchi o‘z nomi bilan jinoyatchi. Jinoyatchi yo‘q mamlakatning o‘zi yo‘q.
Bizning ommaviy axborot vositalarimiz ham aynan millatga, fuqarolikka nisbat bergan holda yoritadi. Bu noto‘g‘ri», deb ta’kidladi O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli Faridin Nasriyev.