Farovon jamiyatni qachon, qanday quramiz?

Ushbu savolga yaqinda “Universitet” nashriyotida adib va olim Baxtiyor Omon tomonidan yozilgan “Farovon jamiyat qurish yo‘lida” deb nomlangan kitobdan javolb olish mumkin.
Kitobning mundarijasi boy va rang-barang. “Sharq Renessansi va uning inqirozi”, “Tomoshabinni o‘z domiga tortayotgan seriallar”, “Yaponiya rivojlanishi tarixiga bir nazar”, “Xitoy islohotlarida mutafakkirlar tashabbusi”, “Janubi-sharqiy Osiyo fenomeni siri”, “Globallashuv davrida shaxsning maydalashuvi”, “Millat va korrupsiya”, “Ta’lim va milliy taraqqiyot haqida mulohazalar” singari badia-maqolalar dolzarbligi va o‘qimishli tilda yozilganligi sabab, kitobxonga yangi bilim va tushunchalarni beradi va tafakkur dunyosini boyitadi.
Kitobda jamiyatni isloh etish, inson dunyoqarashini o‘zgartirish orqali farovonlikka erishgan xitoy, yapon, nemis, fransuz, rus, hind va boshqa xalqlarning ijtimoiy-siyosiy hayotida keyingi o‘n yilliklarda yuz bergan inqilobiy o‘zgarishlar tahlil etilgan, O‘zbekistonda boshlangan ulkan bunyodkorlik o‘zgarishlarining mazmun-mohiyati, yutuq va kamchiliklari ochib berilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabrda Parlamentga Murojaatnomasida: “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”, degan edi. Ushbu kitob aynan shu maqsadlarning ro‘yobini ko‘zlab yozilgan. Unda jamiyatimizda ta’lim va yoshlar, davlat va nodavlat tashkilotlari muammolari, milliy taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan korrupsiya va og‘machilik, loqaydlik va bilimsizlik, maddohlik va ikkiyuzlamachilik kabi salbiy illatlarni bartaraf etish imkoniyatlari chuqur tahlil qilinadi, takliflar va amaliy tavsiyalar ilgari suriladi.