Farovonlik nima?

Uning mezoni ertalabki badantarbiya, kun bo‘yi salomat yurish, kam ovqatlanishga odatlanish, oila bilan sayohatga chiqish, kitob mutolaa qilish, kutubxonaga borish, dorixona-yu shifoxonaga murojaat qilmaslik, to‘y-ma’rakalarni kamxarj o‘tkazish kabilar bilan o‘lchansa ajabmas.
Xitoyga bormagan yurtdoshlarimiz kam bo‘lsa kerak. E’tibor qilganmisiz, bu davlatda hamma narsa bor: bozori to‘kin, har qadamda yemakxona.
Kamina oshxonalarda bir narsaga e’tibor qildim: birorta idishda ovqat ortib qolmaydi. Chiqindi qutilari faqat bo‘shagan idishlar bilan to‘la. Semiz odamlar ham kam uchraydi. Negaki, ular mamlakatdagi farovonlikni qadrlashadi. Arab, Yevropa davlatlarida ham shu holat. Ko‘plarida isrof uchun jarima bor. Ha, farovonlikka ziyon yetkazishni jinoyat deb bilishadi. Bizda-chi?
Izohli lug‘atda "farovon" so‘zi "har jihatdan to‘la-to‘kis ta’minlangan, hamma narsasi mo‘l-ko‘l, to‘q, bardam" tarzida ifoda etilgan. Aslida barchamizning tushuncha va tasavvurimiz ham shunday. Nadomatlar bo‘lsinki, biz bu tushunchalar izohi borligini yo bilmaymiz yoki bilib turib, tan olgimiz kelmaydi. Kamina alloma ajdodlarimizning "Sihat tilasang, kam ye..." naqlini nazarda tutyapman. Qolaversa, isrofgarchilik farovonlikka munosib holat emas. Buning ustiga, xalqimizda "Nimani etsang xor - o‘shanga bo‘lasan zor" degan naql ham bor.
Misol uchun, yillar davomida biz suvning qadriga yetmadik. Tomchilatib sug‘orishni paysalga solayotganimiz uchun har yili yozda suv muammosiga duch kelamiz. Hatto, davlat tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlanishiga qaramasdan bu ishga yoppasiga kirishmayapmiz. Yana ham aniqroq aytsam, "Suv tekin" degan tushunchadan qutula olmayapmiz. Vaholanki, Xitoyda (ha, yana o‘sha yerda!) Ili daryosi qirg‘og‘iga yaqin maydonlarda sug‘orish 100 foiz tomchilatish usulida olib boriladi. Betonlashmagan kanal va ariq yo‘q hisobi.
Bu kamchilik bugun paydo bo‘lgan emas, uning tarixi uzoq. Mahmudxo‘ja Behbudiy bundan bir asr oldin to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchilik haqida og‘rinib yozgan. Buxoro amiri ma’rifat ahli talabiga ko‘ra to‘y-ma’rakalarni ixcham, kamxarj qilib o‘tkazish bo‘yicha farmon chiqargan. Alloma bobomiz Alixonto‘ra Sog‘uniy "Agar millatimiz o‘z hayoti haqida oshga borganidek birdamlik ko‘rsatsa, hech kimga qaram bo‘lmasdi", degan.
Hurmatli o‘quvchim, shu o‘rinda kamtarin muallifingiz fikrini ezmalik deb qabul qilmang. Negaki, tarozu pallasiga qo‘yilganda, noz-ne’mat, imkoniyatning borligi bilan birga unga bo‘lgan munosabat baravar turishi kerak. Ya’ni, farovonlik, bu - xalq tomonidan yaratilgan va shu xalqning ma’naviyatiga, erkinligiga xizmat qiladigan ne’matlar yig‘indisi. Zero, Alloh inoyat qilgan tabiiy boyliklar ham shunga taalluqli.
Ana endi masalaga yaqinroq fikr yuritamiz. Uni bitta misol bilan boshlay.
Yaqinda Samarqandga kelgan nemis ishbilarmonlari bilan suhbatlashib qoldik. Yo‘l-yo‘lakay ularga aholidagi shaxsiy transport vositalari haddan ko‘pligi, shaharda yerosti yoki ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish zaruriyati haqida gapirdim. Mehmon fikrimga e’tiroz bildirdi, uning o‘zida va xotinida ikkitadan, o‘g‘lida esa bitta mashina borligini, lekin ularni hech qachon ishga minib bormasligini aytdi. Mashinasining birini ovga, ikkinchisini esa toqqa chiqqanda minarkan. Shaharda esa jamoat transportidan foydalanarkan. Avtobus yoki tramvayning tezroq yurishiga imkon yaratsangiz, shaxsiy mashinada bir o‘zi ishga boradiganlar soni keskin qisqaradi.
– Men e’tibor qildim, - dedi u, - mashinalarning yarmidan ko‘pida faqat haydovchi boryapti, axir bu mototsikl yoki velosiped emasku!
Demak, biz farovonlik belgisi deb biladigan shaxsiy mashinadan hayotimiz qulayligi maqsadida foydalanish ham muhim ekan.
- Ota-onam bilan bitta uyda yashaymiz, uyga deyarli tunda kelamiz, - deydi Misrda oyiga 200 dollar olib ishlaydigan o‘qituvchi. - Har kuni basseynga, sport zaliga, ikki kunda bir marta konsert yoki teatrga, muzeylarga boraman. Har yarim yilda oila bilan haftalik sayohatga chiqamiz. Demak, farovonlik hamma narsaning mo‘l-ko‘lligi emas, balki kerakli narsaning borligidir.
To‘qlikka sho‘xlik ham yaxshi emas. Ermakka yoxud shunchaki "ko‘z-ko‘z" qilish uchun ham mashina haydab yurganlarni ko‘ramiz. To‘ylarda boylikni namoyish qilish yetmaganidek, ayollar taqinchoqlarini ham ko‘z-ko‘z qilishni odatga aylantirishdi. Uydagi muzlatgich liq to‘la turmasa, janjal qiladigan ayollar bor.
Istalgan paytda ko‘ngil tusagan taomni yeyish uchun buyurtma berish xizmatini ham suiiste’mol qilyapmiz. Chiqindi tashuvchilar aytishicha, ayrim xonadonlardan ana shunday buyurtmalardan qo‘l tekizilmaganlari ham chiqarib tashlanyapti.
To‘g‘ri, pul sizniki, uni siz topyapsiz. Lekin sotib olgan taomingiz uchun ko‘pning rizqi, uni tayyorlash, yetishtirish uchun davlatning, xalqning resurslari sarflangan. Agar siz olib, isrof qilmaganingizda o‘sha mahsulot bir kishining, balki bir oilaning dasturxonini to‘ldirgan bo‘lardi. Bunday holat bitta mahallada o‘n xonadonda uchrasa, respublika bo‘yicha qancha bo‘ladi, necha tonna mahsulot iste’mol qilinmay, chiqindiga tashlanadi?
Xalqning farovon yashashi uchun sharoit yaratib berish davlatning vazifasi. Bu borada ancha ishlar qilinyapti. Zarur mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish ko‘paydi. "Open byudjet" odamlarga o‘z yashash joyini obod qilishga imkon beryapti. Davlat xizmatlari bevosita mahallaga ko‘chyapti. Har kim o‘z mahsulotini eksport qilish imkoniyatiga ega. Avtotransporti yo‘q xonadonlar kam qoldi. Uy-joylar qurilishi ham yildan-yilga ortmoqda. Sanatoriy, dam olish maskanlari ko‘paydi. Endi faqat ana shu farovonlikka nisbatan xuddi rivojlangan davlatlar aholisi kabi munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak, nazarimda.
Masalan, hashamatli to‘yxona, serxarajat to‘ylarimiz bilan emas, balki gavjum kutubxona, stadion va muzeylarimiz bilan faxrlanaylik. Kutubxonalarga, kitob do‘konlariga, teatr va konsertlarga kirishdan zavq olaylik. Oshxonalarda, uydagi ziyofatlarda ne’matlarning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaylik. Hayotimizdagi mavjud farovonlik biz uchun ko‘ngil taskini sifatida samara bersin, u bizning ma’naviy yuksalishimizga, mustahkam sog‘ligimizga xizmat qilsin. Darvoqe, dorixonalarning haddan ortiq ko‘pligi, to‘ylardagi isrofgarchilik katta mashaqqatlar evaziga yaratilayotgan to‘kinchilikka rahna soladi.
Farmon TOShEV.