Farzand yutug‘idan hammadan ko‘ra onalar xursand bo‘ladi

Shahzod Elmurodov Narpay farzandi. Shu tumanning Bolg‘ali mahallasida tug‘ilib, o‘sdi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi harbiy qism maxsus vazifalarni bajarish otryadi guruh komandiri sifatida faoliyat yuritadi.

Shahzod shu yilning 28 iyunda Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentning qo‘lidan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini qabul qilib oldi. Bundan uning onasi Zuhra Badirova hammadan ko‘proq xursand bo‘ldi.

- Ikki o‘g‘lim, ikki qizim bor, - deydi Z.Badirova. – Qizlarim tibbiyot yo‘nalishini tanlagan. O‘g‘illarimning ikkalasi ham harbiy. Ular mening ikki qanotim. Yaqinda kichik o‘g‘lim Shahzodjon “Mard o‘g‘lon” mukofotiga sazovor bo‘lganida quvonchim ichimga sig‘madi, o‘zimni osmonda uchib yurgandek his qildim. Bolaligida bir narsalar ixtiro qilib buvisiga ko‘rsatardi. Onam esa uni oltin medallar olishini so‘rab duo qilardi. Bugun shu duolar ijobat bo‘lyapti.

Shahzod Elmurodov sportning qo‘l jangi va karate turlariga qiziqadi. U bir necha bor O‘zbekiston va Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan.

- Mukofotni Prezident qo‘lidan qabul qilib olganim men uchun g‘urur, - deydi u. – Davlatimiz rahbari uni menga topshirayotib, “Shaxsan mening rahmatimni, tabrigimni ota-onangga, ustozlaringga yetkazib qo‘y. Kelgusida sendan umidim katta”, deganlarida ikki karra xursand bo‘ldim va bu menga katta mas’uliyat yuklaganini his etdim.  

- Shahzodjon o‘quvchilarimiz orasida bilimi, xulqi, tashabbuskorligi bilan ajralib turardi, - deydi tumandagi 18-maktab direktori G‘olibjon Rahmonov. – Bugun ham yutuqlari bilan uka-singillariga o‘rnak bo‘lib kelyapti. Maktabimizda “Shahzodjon - faxrimiz” deb nomlangan burchak tashkil qilganmiz. 

Shahzodning orzulari ko‘p. U o‘qishni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida davom ettirib, magistrlik diplomini olishni niyat qilgan. Sport yo‘nalishida esa jahon arenalarida davlatimiz bayrog‘i baland ko‘tarilishiga sababchi bo‘lish, asosiysi, ota-onasiga munosib, vatanparvar farzand bo‘lish eng katta maqsadidir.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).