Farzandlar salomatligini asrash biz uchun muhim
30 yildan buyon bolajonlarning salomatligini tiklab, ularning dardiga davo, kasaliga shifo topib kelar ekanman, ularning shodon tabassumi dunyodagi eng ajib tuyg‘u ekanligiga amin bo‘laman.
Sog‘lom farzand sog‘lom kelajak ekanligini mana shu daqiqalarda anglab yetarkansan kishi.
Bugun davlatimiz tomonidan ayollar, bolalar salomatligiga alohida e’tibor qaratilayotgani biz, tibbiyot xodimlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklayotgani sir emas. Shifoxonalar zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanayotgani, murakkab jarrohlik amaliyotlarining o‘zimizda o‘tkazilayotgani tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor samarasi.
Bunga o‘zim faoliyat yuritayotgan 1-son shahar bolalar shifoxonasining so‘nggi yillarda har tomonlama zamonaviylik kasb etayotganida ham ko‘raman. Shifoxonamiz 2022 va 2023 yillar davomida 4 bora tashabbusli byudjetda g‘olib bo‘ldi. Natijada yangi olib kelingan UZI, EEG, EKG, laboratoriya, fiziaterapiya hamda reanimatsiya bo‘limlari uchun olib kelingan zamonaviy tibbiy apparatlar va asbob- uskunalari biz, shifokorlarga kasalliklarni erta aniqlash va unga samarali davo choralarini ko‘rish uchun yanada qulaylik yaratdi.
Shuningdek, shifoxonamizning ham ichki, ham tashqi tomoni rekonstruksiya qilinib, bolalar maydonchasi qayta ta’mirlandi. Bemor bolalarni parvarishlash uchun ularning onalariga yanada qulaylik yaratish maqsadida xonalar onalar va bolalar uchun alohida yotoq mebellari bilan jihozlandi. Kutish hamda majlislar zali zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Bolalarning salomatligini asrash, ularning kasalliga aniq tashxis qo‘yib, samarali davolash borasida qilinayotgan ishlar salmoqli. Buni farzandi kasaliga shifo topib, sog‘lom bag‘riga bosgan onalarimizning tabassumida ko‘rish mumkin.
Muborak Hosilova,
oliy toifali shifokor.