Farzandlari uchun odamlarga masxara bo‘lishdan qo‘rqmagan ayol

Mehribon ona o‘z farzandlari uchun hamma narsaga tayyor. Meri Enn Vebster (turmushga chiqqanda Bevan) ham shunday onalardan biri. U o‘ziga xos bo‘lgan ko‘rinishni jamoat oldida namoyish qilib, masxara bo‘lib qolishdan qo‘rqmagan. Uning yagona maqsadi nima bo‘lganda ham bolalarini och qolishga yo‘l qo‘ymaslik edi. O‘z davrining qahramoniga aylangan bu «dunyodagi eng xunuk ayol» tomoshabinlarning haqoratlari, g‘azablari va tentaklik harakatlari oldida tik tura oldi.

Ayollik baxti orzusi va og‘ir taqdir

Meri Londondagi ko‘p farzandli va o‘rtahol oilada dunyoga keldi. Yosh bo‘lishiga qaramay, gospitalga ishga kirib, hamshiralik qilishni boshladi. U katta oilani orzu qilgan jozibali qiz edi. Shunday bo‘ldi ham, 29 yoshida u Tomas Bevanga turmushga chiqdi va 4 farzandning mehribon onasiga aylandi. Ko‘p o‘tmay Merining sog‘lig‘i yomonlasha boshladi - bosh og‘rig‘i kuchayib, mushaklar va bo‘g‘imlarida og‘riq paydo bo‘ldi. Shifokorlar uning tanasida nima yuz berayotganini tushunolmay qolishdi. U esa bor e’tiborini oilasiga qaratib, o‘ziga qaramay ham qo‘ygandi.

Kasallikning boshlanishi

Kasallik alomatlari tobora namoyon bo‘la boshladi: uning bosh suyagi cho‘zilib, yuz kosasi kattalashdi, qo‘llari qo‘pollashib, ayolga xos qiyofasi asta-sekinlik bilan yo‘qolishni boshladi.

Meri duch kelgan o‘sish gormoni haddan tashqari ko‘payishi natijasida kelib chiqadigan neyroendokrin kasallik “akromegaliya” deb nomlanib, suyaklar, ichki organlar va yumshoq to‘qimalarning ko‘payishiga olib keladi, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i unga hamroh bo‘ladi. Akromegaliya ko‘pincha tanada bo‘lgan yaxshi sifatli o‘smalar tufayli yuzaga keladi. Aniqlangan ko‘p hollarda bu kasallik irsiy ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bugungi kunda shifokorlar turli xil davolash usullaridan foydalanib, bu kasallik bilan muvaffaqiyatli kurashib kelmoqda. XX asrning boshida Meri Enning sog‘ayib ketish imkoni yo‘q edi. Ayolning chiroyi kundan-kunga uni tark etayotganini kuzatib turishdan boshqa chorasi yo‘q edi.

Shubhali unvon va birinchi pul mukofoti

Mister Bevan xotini boshiga tushgan kulfatda uni qo‘llab-quvvatladi. Uni tashlab ketishni xayoliga ham keltirmadi. Lekin 11 yillik turmushdan keyin Bevan xonim to‘satdan beva bo‘lib, 4 bola bilan yolg‘iz qoldi.

Eri vafotidan keyin Meri bolalarini boqish uchun har qanday ishlarni qilar edi. Xunuk ko‘rinishi unga yaxshi ish topishida xalaqit berardi. Ko‘chada odamlar ayolga yomon munosabatda bo‘lishar: uni mensimay, masxara qilishardi. Ko‘chaga chiqish uning uchun bir sinov edi.

Oilaning moddiy ahvoli yomonlashib borardi. Shunda Meri Angliyada katta mukofot qo‘yilgan «Eng xunuk ayol» tanlovi borligini bilib qoldi va unda ishtirok etishga qaror qildi. Tanlovda u g‘olib bo‘ldi. Lekin u to‘g‘risida matbuotda o‘qilishi oson bo‘lmagan haqoratomuz maqolalar ketma-ket chiqa boshladi.

Meri o‘sha paytlar uchun imkoni bo‘lmagan narsani amalga oshirdi – o‘zining baxtsizligini daromadga aylantirdi. Aytgancha, ushbu tanlov hozirda ham Angliyada o‘tkazilib kelinadi. Lekin asosiy urg‘u (grimasaga) yuzdagi g‘ayritabiiy harakatlarga beriladi.

Sirk va frik shou

1920 yilda u Amerikadagi «Drimlend» parkidagi sirkda ishlash taklifini oldi. Meri o‘zining noodatiy ko‘rinishi bilan spektakllarda qatnashdi. Yoqimsizligi va erkaksifatligini namoyish etish uchun u rang-barang liboslarda chiqishi kerak edi. Undan tashqari, tomoshabinlarning ko‘nglini ovlash uchun u yerda o‘ziga xos tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgan boshqa odamlar – soqolli ayol, mitti kishilar, seam egizaklari ham bor edi.

O‘sha paytda tomoshabinlarga bu kabi shafqatsiz o‘yin kulgilar yoqar va Bevan xonim truppadagi eng mashhur artistlardan biri sanalardi. Yaqindagina go‘zal ayol bo‘lgan va endi odamlarning masxara nishoniga aylangan Meri uchun unga qancha kuch kerakligini uning o‘zigina bilardi, xolos. Lekin farzandlarini boqish uchun u barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tdi.

Meri Bevan umrining oxirigacha Amerika sirkida ishladi. Hayoti davomida u Yevropaga bir martagina qaytib keldi. 1925 yilda Parijda  bo‘lib o‘tgan butunjahon ko‘rgazmada ishtirokchi sifatida taklif qilingan edi.

Afsuski, akromegaliya bilan kasallangan bemorlar uzoq yashamaydi. Meri 1933 yilda 59 yoshida vafot etdi va farzandlariga o‘zining vatani Angliyada dafn etilishini vasiyat qildi. «Dunyodagi eng xunuk ayol» nomini olgan, lekin taqdir sinovlari ostida sinmagan bu ayolning taqdiri hayotda shunday dadil, dovyurak insonlar borligini isbotladi...

Albatta, aytish mumkinki, bu yo‘l Meri uchun yagona imkoniyat edi. Lekin u bu imkoniyatdan foydalandi, kasalligini o‘zini va bolalarini boqadigan daromad manbasiga aylantirishdan qo‘rqmadi. Kim biladi, agar Merida bunday kasallik va dadillik bo‘lmaganida, uning taqdiri nima bo‘lardi?

Ehtimol, biz bu haqda hech narsa bilmagan bo‘lardik…

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.