Farzandlarim meros talashmasin desangiz

Meros mol-mulkning, ayniqsa, uy-joyning oiladagi kenja o‘g‘ilga qolishi o‘zbek xalqida odat tusiga kirgan. Ammo...

Ammo ba’zi noqobil farzandlar bunga qanoat qilmay, mulk talashish oqibatida yuz ko‘rmas bo‘lib ketyapti, hatto bu jarayon fojia bilan tugayapti.

Yaqinda oltmishga ham kirmagan yaxshi bir tanish insonni tuproqqa qo‘ydik. Yuragi xuruj qilibdi.

- Otang kasal emasdilar-ku, nima bo‘ldi? - so‘radim marhumning o‘g‘lidan.

Ta’kidlashicha, marhum ko‘zi ochiqligida farzandlariga hovlisini bo‘lib bergan va to‘ng‘ich o‘g‘liga mashina, uy qurib bergan, kenjasini esa yonida olib qolgan. Biroq ma’lum muddat o‘tgach, to‘ng‘ich farzand ukasi bilan meros masalasida "menga kam, senga ko‘p" qabilida o‘zaro janjallashib, bir-biriga qo‘l ko‘tarishgacha borgan. Ularni ajratish uchun o‘rtaga tushgan otaning esa yuragi xuruj qilib, hayotdan ko‘z yumgan.

Har bir inson o‘zidan qoldirgan merosi bo‘yicha ana shunday nizo kelib chiqishini, yaqinlari, farzandlari o‘rtasida adovat bo‘lishini istamaydi. Shuning uchun ham odam ko‘zi ochiqligida notarial idora orqali merosni taqsimlab bergani ma’qul. Balki bu holat bizga “o‘gay” ko‘rinib, dilimizga g‘ashlik solar, ammo bu ota-ona hayotligida yoki vafot etgandan keyin meros talashib, urushgandan, yaqinlar o‘limiga sababchi bo‘lgandan ko‘ra yaxshiroq emasmi?

Qahramon Namozov.