Favqulodda holatda 101 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Nurobodlik buvining uyda qulflanib qolgan nabirasi shu yo‘l bilan qutqarildi

Bu haqda Nurobod tumani FVB boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Tog‘ayev xabar bermoqda.

Kecha tungi soat 22:00 larda Mavjuda Do‘sanovaning 1 yoshli nabirasi Nurobod shaharchasi Mustaqillik ko‘chasi, 9-uyda qulflanib qoladi. Tashqariga chiqib qaytib kirgan onaxon eshigi ochilmayotganidan xavotirga tushib, qo‘ni-qo‘shnilardan yordam so‘raydi. Biroq ularning urinishlari hech qanday natija bermaydi.

Favqulodda vaziyatni bartaraf etish, uy ichida qolgan bolakayni qutqarish uchun tungi soat 01:00 larda yong‘in xavfsizligi dispetcheriga (101 raqamiga) qo‘ng‘iroq qilishadi. Qutqaruv guruhi voqea joyiga yetib borganida ko‘p qavatli uydagi xonadon kaliti ichkarida qolgan va eshik qulf bo‘lgan. Tajribali qutqaruvchilar derazaga o‘rnatilgan panjaralarni kesib, ichkariga kirishgan. Uy eshigi ochilib, bolakay buvisiga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha Payariq tumanida ham shunday holat kuzatilgandi.