Favqulodda vaziyatlar vazirligi: Yil boshidan buyon 26 kishi cho‘kib, halok bo‘lgan
AOKAda bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari yoz mavsumi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 25 may kuniga qadar hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining suvda-qutqaruv guruhlari tomonidan jami 26 fuqaroning cho‘kishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar yuzasidan qutqaruv va izlash ishlarini amalga oshirilgan.
Ulardan 3 nafari cho‘milib, 12 nafari cho‘kkanlikda gumon qilingan, 16 nafari ehtiyotsizlik oqibatida, 1 nafari o‘z joniga qasd qilish va 1 nafari jinoyat oqibatida cho‘kkanlarga to‘g‘ri keladi. Eng achinarlisi, cho‘kkanlarning 14 nafari (38,5 foiz) voyaga yetmaganlar hisoblanadi.
2020 yilda jami 165 ta cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisaga chiqishlar qayd etilgan bo‘lib, ulardan 57 tasida kishilarning cho‘milish qoidalariga amal qilmasligi oqibatida suvda cho‘kish, 40 nafari cho‘kishda gumon qilinganlar, 58 nafari ehtiyotsizlik oqibatida cho‘kish, 6 nafari o‘z joniga qasd qilish va 4 nafari jinoyat oqibatida cho‘kishlarga to‘g‘ri keladi. Ushbu cho‘kkan fuqarolarning 56 nafari (34 foizi) voyaga yetmaganlarni tashkil qiladi.
Cho‘milish mavsumida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarining amalga oshirilishi ham aholi, ayniqsa, yoshlarning bilimlarini oshirishga xizmat qilib, ogohlikka chaqirishda katta o‘rin tutadi.
Ayni yo‘nalishda 2020-2021 yillarning shu kuniga qadar respublika bo‘yicha 419 ta seminar va 18 615 ta suhbat tashkil qilinib, 496 534 ta eslatma tarqatilgan.