Favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha doimiy shtab tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“O‘zgidromet”ning ma’lumotiga ko‘ra, shu haftadan havo harorati kunduzi +10 darajagacha , kechalari +3 darajagacha ko‘tariladi. Hatto, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 2-7 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Havo haroratining ko‘tarilishi – qor va muzlar erishini tezlatib, sel, ko‘chki va suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimolini yanada kuchaytiradi.

Yig‘ilishda mavjud holat hududlar kesimida chuqur tahlil qilinib, yuzaga kelishim mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar hamda hokimliklar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha doimiy shtab tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 18 noyabrdagi 426-son qaroriga asosan toshqinga qarshi Hukumat hamda hududiy komissiyalar tuzilgan va ularning asosiy vazifasilari belgilangan. Vazirlar Mahkamasida o‘tgan yig‘ilish bayoni bilan ushbu Komissiya a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlariga biriktirildi.