Hurmat, e’tiborga munosib inson

Bugun O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan inson, taniqli siyosiy va davlat arbobi Po‘lat Abdurahmonov tavallud topgan kun.
Oramizda shunday insonlar borki, ular haqida gapirish, ular haqida yozish, ular qilgan ishlarni e’tirof etish, ular bilan zamondosh va davradosh bo‘lib, yelkama-yelka turib mehnat qilish nafaqat baxt, balki saodat hamdir. Po‘lat Abdurahmonov ana shunday hurmat va e’tibor, faxr-iftixorga munosib inson. U kishidagi yuksak bilim va saviya, insoniylik, xalqparvarlik, kishilarning ezgu fazilatlarini hamisha ijobiy baholash, yaxshilik uchun yashash, boshlagan xayrli ishlarni oxirigacha yetkazish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
P.Abdurahmonov 1940 yil 3 mayda Samarqand shahrining Bog‘ishamol mahallasida tug‘ilgan. Ilk ish faoliyatini 1957 yilda Samarqand paxta zavodida oddiy elektromontyorlikdan boshlagan. So‘ngra viloyat avtotrestida muhandis bo‘lib ishlagan.
Harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, Xarkov avtomobil institutida tahsil oladi. Diplomni qo‘lga olganidan keyin esa avtobus-taksomotor parki bosh muhandisi, avtobaza rahbari va avtota’mirlash zavodi direktori bo‘lib ishlaydi.
1972 yildan boshlab Po‘lat Majidovichning faoliyati siyosiy darajaga chiqdi. O‘sha yili Samarqand viloyati partiya qo‘mitasida instruktor, tashkiliy bo‘lim boshlig‘i, Samarqand shahar partiya qo‘mitasi ikkinchi kotibi bo‘lib ishladi. O‘z ishiga o‘ta mas’uliyat bilan yondoshadigan yosh mutaxassisni Ukraina Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasiga ishga chaqirishdi. U bu qo‘mitada bo‘lim mudiri bo‘lib ishlab, katta tajriba orttirdi, salohiyatli rahbar darajasiga yetdi.
1986 yilda O‘zbekistonga qaytib, Toshkent viloyat ijroiya qo‘mitasi raisligiga tayinlandi. Ko‘p vaqt o‘tmay O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.
Ko‘pchilik keksa avlod vakillari Po‘lat Abdurahmonovni Samarqand viloyatining birinchi hokimi sifatida taniydi va hurmat qiladi. Chunki Po‘lat Majidovich 1989-1991 yillarda Kompartiyaning Samarqand viloyat qo‘mitasi birinchi kotibi bo‘lib ishlagan, 1995 yilgacha viloyat hokimi lavozimida mustaqillikni mustahkamlash, xalqning yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarini bartaraf etish, aholiga qulay sharoitlar yaratish uchun infratuzilmani yaratish, qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bo‘yicha zahmat chekkan.
Po‘lat akani vodiyliklar ham alohida hurmat qiladi. Chunki 1995 yilda O‘zbekiston yo‘l qurilish avtotransport vaziri - Qamchiq dovoni qurilishi boshlig‘i bo‘lib faoliyat yuritdi. Bu vaqt davomida Qamchiq dovonida ulkan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Bu jarayonlarda Po‘lat Majidovich yeng shimarib, mardonavor mehnat qildi.
P.Abdurahmonovning rahbarlik mahorati, ayniqsa, Samarqand shahrining past-u baland, muammo-yu masalalari va ularning yechimi bo‘yicha tajribasi katta ekani inobatga olinib, 2000 yilda mas’ul vazifa - Samarqand shahar hokimi lavozimi topshiriladi. Serg‘ayrat, salohiyatli va tajribali rahbar ko‘hna kentda ikki yil ishlab, yana samarqandliklar mehrini qozondi, e’tiborga molik ishlarni amalga oshirdi va obro‘ topdi. Xususan, shahardagi “Panjob” madrasasi binosini ta’mirlash ishlarida bosh-qosh bo‘ldi, bizning turli katta-kichik tadbirlarimizda faol ishtirok etdi.
Faoliyati davomida bir necha marta deputatlikka saylandi, ko‘plab orden va medallar sohibi bo‘ldi.
Tabarruk 85 yoshini qarshilagan Po‘lat Majidovich ayni kunlarda ham xalq farovonligi, jumladan Samarqand shahar transporti sohasini zamonaviylik asosida rivojlantirishda o‘z tajribasi va bor kuch-quvvatini ishga solgan holda davom ettirib kelyapti.
Po‘lat Majidovichni tabarruk yoshi bilan muborakbod etamiz, Yaratgandan mustahkam imon, sog‘lik, kuch-quvvat tilaymiz.
“O‘zbekiston-Eron” do‘stlik jamiyatiSamarqand bo‘limi a’zolari.