Faxriy chorvadorlar “Boqiy shahar”ga sayohat qildi

Nurobod tumanidagi Jarquduq qishlog‘i hamda shu hududdagi ”Nurli el chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyati faxriylari Samarqand shahriga sayohat qildik. Sayohat davomida mehnati bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lgan, bugun keksalik gashtini surayotgan hamda mo‘l-ko‘lchilik yaratish maqsadida g‘ayrat ko‘rsatayotgan chorvadorlar mamlakatimizda, xususan, qadimiy shhardagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, tarixiy yodgorliklarini ziyorat qildi.

Sayohatimiz mobaynida katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldik. Ayniqsa, yangi barpo etilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazini, majmuadagi zamonaviy mehmonxonalar, Kongress xoll, amfiteatr va boshqa ko‘plab inshootlarni hayrat bilan tomosha qidik. Oqsoqollar markazning nomlanishi bilan qiziqdi. Uning “Buyuk ipak yo‘li”  xalqaro turizm markazi deb atalishida chuqur ma’no bor ekan. Nomlanish yuzasidan bizga sodda va ravon tushuntirib berishdi. Bu yerda o‘sha davrga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Sug‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan ekan.

“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan qadimiy bozor, 40 ta hunarmandchilik ustaxonasida ustalar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam to‘qish kabi jarayonlar sayyohlarga namoyish etilyapti. Biz, chorvadorlar vakillari, nuroniylar Registon ansambli, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi, Amir Temur maqbarasi, “Afrosiyob” tarixiy muzeyi, Hazrati Xizr ziyoratgohi va yana ko‘plab tarixiy obidalarni ziyorat qildik.

To‘lqin RAHIMOV.

Nurobod tumanidagi ”Nurli el chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi.