Faxriy jurnalist Abdusodiq Murtazoyev vafot etdi

Hamkasbimiz, viloyat matbuoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriy jurnalist Abdusodiq Murtazoyev 81 yoshida vafot etdi.

A.Murtazoyev 1939 yilda Urgut tumani Terakli qishlog‘ida tavallud topdi.

O‘rta maktabda o‘qigach, avval Tojikiston Respublikasi Panjikent tumanidagi pedagogika bilim yurtida, so‘ng Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi. Qator yillar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktablarda, Samarqand qishloq xo‘jalik institutida o‘qituvchilik qildi.

Abdusodiq akaning matbuot bilan bog‘liq faoliyati 1964 yildan boshlandi. Dastlab Kattaqo‘rg‘on tumanining “Zarafshon” (hozirgi “Kattaqo‘rg‘on haqiqati”) gazetasida muxbir bo‘ldi. Keyin “Yosh leninchi”, “Ishonch” gazetalarida ishladi. 1974 yildan viloyat “Zarafshon” gazetasida muxbir, bo‘lim mudiri vazifalarida samarali faoliyat yuritdi.

A.Murtazoyevning keyingi faoliyati O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi va viloyat kasaba uyushmalari tashkilotida kechdi.

Tajribali qalamkash Sodiq Sofdil taxallusi bilan ijod qildi. Shoirning “Baxt”, “Ishq xosiyati”, “Men ko‘rgan dunyo” she’riy kitoblari chop etildi.

Matbuot faxriysi, o‘z kasbiga sodiq, kamtarin inson Abdusodiq Murtazoyev xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi, «Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati jamoasi ustozning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.