Fazilatli insonlar bilan yashash zavqi

Ustoz jurnalist Tog‘aymurod Shomurodovning Zarnews saytida e’lon qilingan “Hayot saboqlari” sarlavhali hikoyalarini o‘qib, ayrim voqealar haqida yozishga tushdim. Hikoyalarda tafakkur qiluvchilar uchun hikmat bor. Besh kunlik dunyo deganlaridek, to hayot ekanmiz, ezgu amallar umrimizning mazmuni bo‘lmog‘i lozim. Kezi kelganda aytish kerakki, ommalashib borayotgan saytda bunday matireallarning berilishi o‘quvchilar sonining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Meni ilhomlantirgani va yozishga, ijodga undagani uchun Tog‘aymurod akaga minnatdorchilik bildiraman.

Uylanganimdan uch oycha o‘tib, keliningizni shaharga ko‘chirib keladigan bo‘ldim. Samarqand shahridagi X.Sulaymonova ko‘chasi, 27 uydan joy topdim. Bu xonadon menga begona emas. Uy sohiblarining kichik o‘g‘li Hamza aka bilan ko‘p yillik aka-uka, qalin o‘rtoqligimiz sabab bu uyga talabalik yillarimda tez-tez kelib turardim. Oila boshlig‘i Rajab boboning o‘tinga pishirgan oshlarini bir necha marta yeganman. Oxirati obod bo‘lsin, otaxon juda dilkash inson edi. Qolaversa, bu xonadonda ko‘pgina bayram bazmlarini do‘stlar bilan o‘tkazganmiz. Bir so‘z bilan aytganda, Hamza akalarniki o‘zimiznikiday bo‘lib qolgandi.

Xullas, yosh oilaga bir xona ajratib berishdi. Ko‘chib kirganimizda qish vaqti bo‘lganidan uyga gaz pechka ham o‘rnatishdi. Mebelimiz yo‘qligidan narsalarimizni qayerga qo‘yishni bilmasdik. Rajab bobo buni tushunib, 2 qavatli javon yasab, uyga kiritib qo‘ydi. Tepasiga ko‘rpa-to‘shak yig‘amiz, pastdagi polkada esa olib kelgan ozgina idish-tovog‘imiz turadi. Unchalik zarurat bo‘lmasa-da, xonada parallel tarzda o‘rnatilgan uy telefoni ham bor...

Ikki kishilik yangi oila bemalol yashashi mumkin bo‘lgan sharoit. Uy bekasi Sharofat aya onamizday bo‘lib ketgan. Xushxulq, shirinsuxan ayaga mehrimiz boshqacha edi. Joylashganimizning ikkinchi yoki uchinchi kuni bo‘lsa kerak, xonadon sohiblari kechki ovqatga qandaydir xamirli taom pishirgan ekan, somsamidi, mantimidi aniq esimda yo‘q, Hamza akaning ayoli bizga ham nasiba chiqardi. Ikki-uch kun o‘tib, palovni ham baham ko‘rishdi. Qo‘shnilarga tansiq ovqatlardan uzatish odati bizning qishloqlarda ham bor.

Bolaligimdan bilaman, enam bilan yangam orasida tovoq almashish tez-tez bo‘lib turardi. Sharofat ayaning iltifotlaridan keyin yangi ro‘zg‘or bekasi, bizning kelinchak ham u kishilarnikiga taom chiqarib turadigan bo‘ldi. Qo‘shnilarning bor tovog‘im, kel tovog‘im odati faqat qorin to‘ydirish uchungina emas, balki insonlar orasidagi mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanib borishida juda muhim. Zero, bu odat xalqimiz orasida ming-ming yilardan beri bor. Shu-shu uylarida turgan kishilar bilan bir oiladay yashadik. Onaxonning bunday e’tibori, mehribonliklari haqida hozir ham ba’zi davralarda aytib turaman.

Rajab bobo futbolning ashaddiy muxlisi edi. Yangi ro‘zg‘or bo‘lganimizdan bizda hali televizor yo‘q. Yashil maydondagi voqealarni otaxon bilan birga tomosha qilamiz. Faqat oldimga bitta vazifa qo‘yiladi: qiziqarli o‘yinlar, ularning boshlanish vaqtini keksa “fanat”ga eslatib turishim kerak. Bizning futbol tomosha qilishimiz oilaning erka qizi Orzugulga yoqmaydi. Chunki o‘sha vaqtda uning sevimli kinolaridan biri boshqa kanalda qo‘yilishi mumkin-da! Beozor qiz nima ham desin, futbol tugashini kutib o‘tiraveradi. Ikki minginchi yillarning boshidagi g‘alaba va mag‘lubiyatlardan otaxon bilan birga quvonib, birga asabiylashganmiz.

Bahor kelgach, hovlidagi kaftdekkina yerga turli ko‘kat urug‘larini sepishdi. Ko‘p o‘tmay urug‘lar yer yorib, ko‘zni quvnatadigan darajada unib chiqdi. Biz so‘ramasimizdan xonadon sohiblari “ko‘ngil tusaganda olib ovqatga solaveringlar”, deb aytib qo‘yishdi. Kuzga qadar bozordan ko‘kat sotib olmadik, desam ham bo‘laveradi.

Hamza akaning ikki o‘g‘li ham bizga o‘rganib qolishgandi. Ba’zan ular bilan o‘ynab, vaqtichog‘lik qilardik. Oradan salkam yigirma yil o‘tdi. Bugun o‘sha bolakaylar uylanib, oila boshlig‘i, farzandlariga ota bo‘ldi. Bu xonadonda rosa bir yil yashadik. Bir-birimiznikiga mehmon kelsa, albatta, birgalikda kutib olib, kuzatib qo‘yardik. Oramizda biror marta ham tushunmovchilik yoki arzimas bo‘lsa ham kelishmovchilik yuz bermagan. Oila qurganimizning dastlabki yili ana shunday o‘tgan. Fazilatli insonlar xonadonida kechgan davrlarimizni tez-tez xotirlab turamiz. Yozganlarim Rajab ota va Sharofat ayalardan minnatdorchiligimizning qisqagina bayonidir.

Anvar ERMAMATOV.