Fermer xo‘jaligining huquqi tiklandi
Payariq tumanida joylashgan “Nassar M Bussines” fermer xo‘jaligi uzumchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan. Shuningdek, xo‘jalik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab, tayyor mahsulot tarzida bozorga olib chiqadi.
Tumanning “Shirin sohibkor” qishlog‘ida 37 gektar lalmi yer maydonining 17 gektarida yetishtirilayotgan uch xil turdagi uzum, xorijdan olib kelingan serhosil yong‘oq va boshqa turdagi mevali daraxtlar hosilga kirib, ulardan tayyorlanayotgan mahsulotlar bugungi kunda chet elga ham eksport qilinmoqda.
Payariq tuman adliya bo‘limiga kelib tushgan navbatdagi murojaat mazkur fermer xo‘jaligining bir necha oylardan buyon sarson bo‘layotgani bilan bog‘liq. Xo‘jalik mas’ullari amaliyotdagi qonunchiliklarda mavjud bo‘lgan bir-biriga zid normalar sabab fermer xo‘jaligi raisini o‘zgartish masalasida mas’ullar eshigi oldida ancha sarg‘aygan. Foydasiz rasmiyatchiliklardan charchagach, “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida adliya idorasiga murojaat qildi.
Muammo adliya xodimlari aralashuvi bilan bartaraf etildi. Tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassislari xo‘jalikning o‘zida sayyor davlat xizmati ko‘rsatib, muammoga qonuniy yechim topdi.
Siz bilan bizga oddiy bo‘lib tuyulayotgan mazkur muammo mahalliy aholini ish bilan ta’minlab, o‘z yo‘nalishida kengayib borayotgan bir tadbirkorlik sub’yekti uchun navbatdagi eshiklarni ochib berdi.