Fermerlar yerini noqonuniy egallab olgan shaxslar 279 million so‘m jarima to‘ladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan o‘tkazilayotgan monitoring-tahlil tadbirlari davomida ayrim qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer va fuqarolar tomonidan yer resurslaridan samarasiz foydalanish, yer maydonlarini o‘zlashtirish holatlari uchrab turibdi.

Xususan, inspeksiyaning Nurobod tumani bo‘limi xodimlari tomonidan 2020 yilning o‘tgan davri davomida o‘tkazilgan monitoring-tahlillar davomida 22 nafar fuqaroning 7,38 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani aniqlandi.

Jumladan, tumandagi “Sarbon sabr nur” fermer xo‘jaligiga qarashli 48 balli suvli yer maydonidan Kechkeldik mahallasida yashovchi fuqaro Sh.J. 0,27 gektar, “Cho‘nqaymish o‘lka RAN” fermer xo‘jaligining lalmikor yer maydonidan Oltinsoy mahallasida yashovchi fuqaro A.E. 0,20 gektar yer maydonini noqonuniy ravishda egallab olgan.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilar, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizom" talablariga asosan inspeksiyaning Nurobod tumani bo‘limi yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritdi.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzar fuqarolar tomonidan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining muomaladan chiqarilishi oqibatida yetkazilgan 279 million 819 ming so‘mlik zarar davlat foydasiga undirildi hamda noqonuniy egallangan yer maydonlari fermer xo‘jaliklariga qaytarildi.

Abduvali Xudoyorov.