Fermerlarni haqorat qilgan tuman hokimi ogohlantirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitovaning ovozi ekani aytilayotgan audio tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum qilishicha, audioyozuv yuzasidan o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. Aniqlanishicha, haqiqatdan ham audio yozuv Bo‘ston tumani hokimi S.Mamitovaga tegishli ekanligi, tumandagi soya yetishtiruvchi fermerlarning soya yetishtirish va uni yig‘ib olishdagi mas’uliyatsizligi oqibatida tumanda ushbu ekin hosilini yig‘ishtirib olish ishlari bir muncha ortga surilganligi ma’lum bo‘lgan.

Shu sabab tuman hokimi fermerdan nega soya hosilini o‘z vaqtida yig‘ib olmasdan, ekinni korchyovka qilib, yulib tashlashganligiga izoh so‘ragan.

Tumanda soya o‘simligini yetishtirish va uni yig‘ib-terib olishda sustkashlik qilayotgan hamda o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan fermerlarning faoliyati tuman hokimining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, tarqalgan audioyozuv uchun Bo‘ston tumani hokimi S.Mamitovaga viloyat hokimligi tomonidan “ogohlantirish” berilgan.

Ma’lum qilinishicha, tumanda 108 ta g‘alla va paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga jami 36,5 tonna soya o‘simligi ekish va yetishtirish (500 gektar ochiq maydonga, 300 gektar g‘o‘za qator orasiga) belgilangan.