Festival: “Mardlik, jasorat va sadoqat”
14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni hamda Vatanparvarlik oyligi munosabati bilan Samarqand shahridagi yoshlar markazida shu shior ostida festival bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur tadbir yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, harbiy xizmatga qiziqishni uyg‘otish hamda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Festival doirasida Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari tomonidan qurol-aslaha, harbiy texnika va maxsus vositalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, harbiy xizmat jarayoniga oid amaliy namoyishlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Yigit-qizlar harbiylar bilan bevosita muloqot qilib, xizmat sharoiti, harbiy kasbning afzalliklari hamda Vatan himoyachisining mas’uliyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur festivalning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev ishtirok etib, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni Vatanga muhabbat, harbiy vatanparvarlik va faol fuqarolik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi. U o‘z so‘zida yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligi va kelajak uchun mas’uliyatini oshirishda bunday tadbirlar samarali ekanini qayd etdi.
Festival doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” hamda uch avlod - faxriylar, bugungi kun harbiy xizmatchilari va yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy muloqotlar tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash, boy hayotiy tajriba va saboqlarni avloddan-avlodga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Azizova, Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari, faxriylar hamda soha mutaxassislari faol ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot olib bordilar. Uchrashuvlar jarayonida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olib, kelajak rejalari borasida qimmatli tavsiyalarga ega bo‘ldilar.
Jadidchilik asoschilaridan bo‘lgan Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Charos SAIDOVA.