Filippin rahbari fuqarolardan pora talab qilgan mansabdorlarni otishga ruxsat berdi

Kecha, 12 sentyabr kuni Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte, fuqarolardan pora talab qilgan mansabdorlarni o‘q otar qurol bilan otib, ularga jarohat yetkazishga (o‘ldirishga emas) ruxsat berdi, deb xabar berdi “Manila Bulletin” nashri.

Duterte jinoiy javobgarlikka tortilmaslik uchun korrupsionerlarning oyog‘iga otishni taklif qildi.

- Agar siz soliqlarni, yig‘imlarni, bojxona va boshqa to‘lovlarni to‘layotgan bo‘lsangiz. Bu ahmoqlar sizdan pora talab qilsa, ularni uring. Agar yoningizda qurol bo‘lsa, siz ularni otishingiz mumkin. Ammo ularni o‘ldirib quymang. Aks holda siz surishtiruvlar natijasiga ko‘ra, afv etilmasligingiz mumkin, - deydi Duterte. - Korrupsiya mamlakatning keng tarqalgan muammosiga aylangan. Bu deyarli har bir hukumat a’zosining ichiga joylishib olgan qurt.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunni buzayotgan mansabdorga o‘q uzib, tan jarohati yetkazgan fuqaroga qamoq jazosi qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, Duterte fuqarolarni o‘z huquqlarini himoya qilishga, mansabdor shaxslar ishtirokidagi korrupsiya yoki huquqbuzarlik holati haqida xabar berishga chaqirdi.

2016 yil may oyida Filippin prezidenti etib saylangan Rodrigo Duterte huquqbuzarlikka, korrupsiyaga qarshi jiddiy choralar ko‘rish tarafdori bo‘lib qolmoqda. Dunyo jamoatchiligi Filippindagi giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash usullarini bir necha bor qoraladi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariyati Filippin hukumatini tartibsiz qotilliklardan, gumonlanuvchilarni sud qilmay jazolash usullaridan voz kechishga chaqirmoqda.