Finlandiyaning bioiqtisodiyot bo‘yicha tajribasi o‘rganildi
Finlandiya Yevropaning shimolda joylashgan qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchiligi rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. O‘rmon xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining qadimiy tarmog‘i bo‘lib, jami 18 mln gektardan ortiq o‘rmon fondiga ega hamda yiliga 50-55 mln. m3 yog‘och kesiladi. Kesilgan daraxtlar faqatgina yog‘ochsozlik sanoatida ishlatilib qolmasdan, 100 foiz qayta ishlanib, biomahsulotlar olinadi.
Bugungi kunda respublikamiz tarmoq iqtisodiyotidan bioiqtisodiyotga o‘tishda ulkan salohiyatga ega, ammo bu maqsadlarga erishish uchun mamlakatda bioiqtisodiy yondashuvlarni sanoat amaliyotiga joriy etadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash muhim vazifa bo‘lib turibdi. Shu bois, Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi asosida Latviya hayotiy bilimlar va texnologiyalar universiteti va Litvaning Vitautas Magnus universiteti, Finlandiyaning JAMK amaliy bilimlar universitetlari bilan hamkorlikda 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab respublikamizda magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Magistratura o‘quv rejasi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkor oliy ta’lim muassasalari hamkorligida ishlab chiqildi. Talabgorlar magistratura dasturiga “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Buxoro davlat universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiallarida o‘qishga hujjat topshirib, talabalikka qabul qilindi.
Mazkur loyiha doirasida joriy yilning sentyabr oyida Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali va boshqa loyiha ishtirokchilari hisoblangan OTMlarning bir guruh professor-o‘qituvchilari Finlandiyaning JAMK amaliy bilimlar universitetida malaka oshirdi.
Malaka oshirish davomida Finlandiyaning oliy ta’lim tizimidagi yangiliklar o‘rganildi. Professor-o‘qituvchilar JAMK amaliy bilimlar universiteti qoshidagi Bioiqtisodiyot institutida olib borilayotgan tadqiqotlar, jumladan, aqlli qishloq xo‘jaligiga asoslangan loyihalar, o‘rmon chiqindilarini qayta ishlash, biogaz ishlab chiqarish bilan tanishdi.
Bundan tashqari, zamonaviy sutchilik fermasida bo‘lib, qoramol zotlari uchun yaratilgan ozuqa bazasini o‘rgandi. So‘ngra, qulupnay va olma yetishtirish hamda qayta ishlash oilaviy fermer xo‘jaligida bo‘lib, biologik toza mahsulot ishlab chiqarish borasida tajriba almashishdi.
Shuningdek, loyiha ishtirokchilari Finlandiyaning “Metsa” biomahsulot ishlab chiqaruvchi koorporatsiyasida bo‘lib, uning takomillashgan ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Koorporatsiya 100 mingdan ortiq o‘rmon sanoatiga xizmat ko‘rsatuvchi o‘rmonchilar jamiyati hisoblanib, asosan o‘rmon daraxtlarini 100 foiz qayta ishlab, ulardan biogaz, sifatli qog‘oz mahsulotlari, kartonlar, selyuloza, qurilish va mebelsozlik sanoatida foydalaniladigan asosiy xom-ashyolarni Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlariga eksportini amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, biologik tola va gazlamalar ishlab chiqarib, ularni tekstil sanoatiga yetkazib bermoqda.
Shu bilan birgalikda “Laukaa fish” baliqchilik tadqiqot markazida bo‘lib, aqlli baliqchilik tizimida yo‘lga qo‘yilgan tadqiqotlar va ularning tadbiqi o‘rganilib, baliq yetishtirishda suvni tozalash, oziqlantirishni masofadan turib boshqarish bo‘yicha yangi innovatsion texnologiyalar bilan tanishdi.
Malaka oshirish davomida JAMK amaliy bilimlar universiteti va filialning mas’ul professor-o‘qituvchilari bioiqtisodiyot magistratura bosqichida o‘qitiladigan fan modullarni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdi.
Husniddin XONQULOV,
TDAU Samarqand filiali
direktorining o‘rinbosari.