Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisligidan ketdi
“Sabriya” seriali bilan bog‘liq muhokamalar ortidan Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z xohishiga ko‘ra O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisligidan ketdi.
Abduxoliqov o‘rniga Xalqaro press-klub raisi va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja saylangan.
Bu haqda UzReport xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi a’zolarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov yig‘ilishda o‘z lavozimidan ozod etishni so‘ragan. Ariza qanoatlantirilgan.
Xabarlarga ko‘ra, assotsiatsiya yangi rais etib tayinlanishi munosabati bilan Sherzodxon Qudratxo‘ja Xalqaro press-klub raisligidan ketgan. Lekin universitet rektori sifatida ham faoliyatini davom ettirishi ma’lum qilingan.