Firdavs bog‘lariga chin monand kuni, Samarqand kuni bu, Samarqand kuni!

Bugun erta tongda poyezdda Ellik qal’adan Samarqandga keldim. Qo‘hna kent tonggida sayr qildim. Obodonchilik, qurilish va ozodalikka havas qildim. Keyin shahar kuni munosabati bilan Amir Temur maqbarasidagi xatmi Qur’onda, Sohibqiron haykali poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdim. So‘ng, xiyobon o‘rindig‘iga o‘tirib, Samarqandga, samarqandliklarga ehtiromimni qog‘ozga tushirdim va Zarnews.uz ga yo‘lladim.

Ulug‘ ayyomlarga boydir diyorim,

Birdamlik hamisha azmu qarorim,

Bugun Registonda jam do‘stu yorim,

Firdavs bog‘lariga chin monand kuni,

Samarqand kuni bu, Samarqand kuni.

 

Buyuk Sohibkiron Temur poytaxti,

Haqiqat toj bo‘lgan, adolat - taxti,

Shiori yuksaklik, avomning baxti,

Osiyoda tengi yo‘q darband kuni,

Samarqand kuni bu, Samarqand kuni.

 

Moziy oqib o‘tar Obirahmatdan,

Ko‘hakda Ulug‘bek qurgan rasaddan,

Navoiy Jomiyga yozgan zarxatdan,

Avlodlari ash’or bilan band kuni,

Samarqand kuni bu, Samarqand kuni.

 

Ayniy nisholdasin yeb Fafur G‘ulom,

Vohid Abdulloga aytgan xush kalom,

Men Berdaq kentidan keltirdim salom,

E’tirof kuni bu, ham pisand kuni,

Samarqand kuni bu, Samarqand kuni.

 

Bol deb Klavixo suvi, mevasi,

Bir yon Buxorodir, bir yon Xevasi,

Quvvatlab turibdi Yurtning Egasi,

Hamisha tolei oq, baland kuni,

Samarqand kuni bu, Samarqand kuni!

Yangiboy QO‘ChQOROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

 

2019 yil 18 oktyabr.