Firibgarlik yoki talon-toroj uchun sudlanganlar jamoat fondi ocholmaydi

Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati mustaqilligini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasiga ko‘ra, davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Ayni paytda muhokamaga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga hamda Soliq kodeksiga NNTlarning huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratining ta’sirchanligi va samaradorligini oshirishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Hujjat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish va ma’muriy jarimalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bir qator o‘zgarishlarni nazarda tutadi.
“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasida jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra tayyorlangan yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiya va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishi belgilangan bo‘lsa-da, yakuniy hujjatni ko‘rib chiqmaganlik uchun javobgarlikka tortishning aniq mexanizmi o‘rnatilmagan edi. Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi bilan jamoatchilik nazoratining natijalari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy hujjatni davlat organi tomonidan ko‘rib chiqish majburiyati hamda mazkur qonunchilik talabini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash ko‘zda tutilgan. Bu esa NNTning o‘z pirovard maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida yanada erkin harakat qilishlari va faoliyatlari davomida uchrashi mumkin bo‘lgan ayrim administrativ to‘siqlarni bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Bundan keyin firibgarlik yoki talon-toroj uchun sudlanganlar jamoat fondini ocholmaydi. Shu bilan birga har bir grant va loyiha haqida jamoatchilikka ma’lumot berib boriladi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlarini qiynayotgan muammolar, qolaversa ular tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasini bugungi kun talablari doirasida ayni paytda qabul qilinayotgan qonunchilik tashabbusi, desak bo‘ladi.
Shuningdek, nodavlat tashkilotlar (diniy tashkilotlar bundan mustasno), ularning vakolatxona va filiallarini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritishi, ro‘yxatdan o‘tmagan ramziy belgilardan foydalanish, tadbirlar o‘tkazish haqida xabardor qilmaslik yoki qonunchilikda taqiqlangan tadbirlar o‘tkazish, pul mablag‘lari va mol-mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilmaslik uchun amaldagi ma’muriy jarima miqdorlari o‘rtacha to‘rtdan bir qismiga kamaytirilishi belgilangan.
Qonun loyihasida “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunning bir qator moddalari xorijiy manbalardan olingan pul mablag‘lari va mol-mulkni ham tashkilotning moliyaviy manbasini shakllantirish omili sifatida kiritish hamda undan foydalanish to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslarini mustahkamlash kabi yangi qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.
Kelgusida joylarda nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb qilgan holda qonun loyihasini muhokama qilish va uni yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan takliflar olish rejalashtirilgan.
Taklif etilayotgan ushbu me’yorlar nodavlat notijorat tashkilotlarning tashabbuskorligi va faolligini ta’minlash – mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishga xizmat qiladi.
Elyor Ulug‘murodov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Samarqand hududiy bo‘limi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.